Turk madaniyati va merosi fondi prezidenti Turkmanistonda o‘tkazilgan xalqaro forumda ishtirok etdi
Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Vasiylikka muhtoj bolalarga ko‘mak berish xayriya jamg‘armasining tibbiy faoliyatlar bo‘yicha vise-prezidenti O‘g‘iljaxon Atabayeva rasmiy taklifiga binoan, Turk madaniyati va merosi fondi prezidenti Aktoti Raimqulova 2025 yil 9–10 dekabr kunlari Turkmanboshi shahrida, Avaza milliy turistik zonasida bo‘lib o‘tgan “Zamonaviy jamiyatda ayollarning roli: barqaror rivojlanish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Tadbirda 33 davlatdan mutaxassislar qatnashdi.
Konferensiyaning maqsadi — ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan xalqaro va tarmoqlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, global barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keluvchi ilg‘or tajribalar almashuvini rivojlantirishdan iborat edi.
Ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Haydar Aliyev Fondining vise-prezidenti Leyla Aliyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, BMTning Jenevadagi idorasi Bosh direktori Tatyana Valovaya va boshqa yuqori martabali ishtirokchilar nutq so‘zlab, xalqaro ayollar yetakchiligi masalasining dolzarbligini ta’kidladilar.
O‘z nutqida Aktoti Raimqulova Turkmanistonning jamiyatda ayollar rolini kuchaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarini alohida e’tirof etdi hamda Turk madaniyati va merosi fondining mintaqadagi asosiy gumanitar platforma sifatidagi faoliyati haqida ma’lumot berdi. Fond prezidenti, shuningdek, Turkmanistonning Fond huzurida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi muhimligini qayd etib, hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Konferensiya davomida ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga, barqaror va uyg‘un taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlikni chuqurlashtiradigan yangi yondashuvlar va sherikliklarni aniqlashga qaratilgan muhokamalar o‘tkazildi.
