Tungi yoritilganlik darajasi, iqtisodiy faollik va yashirin iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) hamda Link Data kompaniyasi mutaxassislari tomonidan hamkorlikda O‘zbekistonda 2012-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda hududiy darajada tungi yorug‘lik ma’lumotlari va yashirin iqtisodiyot hajmining o‘zgarishi tahlil qilindi.
Tahlilda Suomi milliy qutb-orbitada aylanib yuruvchi hamkorlik sun’iy yo‘ldoshi (Suomi NPP) va NOAA-20 sun’iy yo‘ldoshi bortiga joylashtirilgan zamonaviy asbob – Ko‘rinadigan va infraqizil tasvir olish radiometriya to‘plami (Visible Infrared Imaging Radiometer Suite – VIIRS) tomonidan to‘plangan ma’lumotlar hamda rasmiy statistika ma’lumotlaridan foydalanildi.
Hududlar bo‘yicha 1 kvadrat km. maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi eng yuqori bo‘lgan hudud Toshkent shahri bo‘lib, poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 2017-yildagi 97,8 dan 137,7 ga (40,8 foizga) oshgan. Mazkur davrda Toshkent shahrida iqtisodiy faollik 8 marotaba ko‘paygan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyot hajmining yalpi hududiy mahsulotga (YAHM) nisbatan ulushi 9,5 foizdan 11,7 foizga oshgan.
Xizmat ko‘rsatish sohasi jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan Samarqand viloyatida 2023-yilda 1 kvadrat km. uchun tungi yoritilganlik darajasi (7,6) 2017-yildagiga (4,2) nisbatan 80 foiz oshgan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyotning YAHMga nisbati 6,3 foizdan 10,3 foizga yetgan.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida tungi chiroqlar bilan yoritilganlik darajasi yaxshilanishi bilan birga, yashirin iqtisodiyot ko‘lami ham kengayib borgan. Xususan, Namangan viloyatida 1 kvadrat km. maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik ko‘rsatkichi 2017-yildagi 5,7 dan 2023-yilda 8,1 ga (o‘sish – 40 foiz) yetgan. O‘z navbatida, ushbu viloyatda yashirin iqtisodiyotning YAHMga nisbati 2023-yilda 14,2 foizni tashkil etgan va 2017-yildagiga (9,7 foiz) nisbatan 4,5 foiz bandga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich Respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur davrda Farg‘ona viloyatida 1 kvadart km. maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi 70 foizga
(7 dan 11,9 ga) yaxshilangan bo‘lsa, baholangan yashirin iqtisodiyot hajmining YAHMga nisbati 10,4 foizdan 12,2 foizga yetgan.
Respublikada aholi zichligi bo‘yicha 1-o‘rinda turuvchi Andijon viloyatida 2017-2023 yillar oralig‘ida tungi yoritilganlik darajasi 42 foizga (10,9 dan 15,5 ga) oshgan bo‘lsa-da, yashirin iqtisodiyotning YAHMga nisbatan ulushi deyarli o‘zgarmagan va 8 foiz atrofida saqlanib qolgan.
2017-2023 yillarda Qashqadaryo viloyatida tungi yoritilganlik darajasi 1 kvadrat km. maydon uchun 6 foizga (6,3 dan 6 ga) kamaygan bo‘lsa, YAHM hajmiga nisbatan yashirin iqtisodiyot ko‘lami 11 foizdan 12 foizga oshgan.
O‘zgarmas effekt (fixed effect) modeli asosida amalga oshirilgan ekonometrik tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, tungi yoritilish darajasi yashirin iqtisodiyotning qariyb 39.4 foizini o‘zida aks ettiradi.
Ushbu tadqiqot norasmiy iqtisodiyotning hajmi va taqsimoti haqida tushuncha berib, iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, urbanizasiya, iqtisodiy faollik, iqtisodiy tengsizlikni baholash va boshqa ko‘rsatkichlarni chuqur tahlil qilish imkonini beradi.