Tramp Xalqaro jinoiy sudga qarshi sanksiyalar joriy qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp yana bir bor Isroilni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganini namoyish etdi. Unga ko‘ra, Xalqaro jinoiy sud (XJS) o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan asossiz hibsga olish orderlari bergan. Tramp sudni «yovuz niyat bilan harakat qilish»da aybladi.
O‘tgan yili XJS G‘azo urushi davrida sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun Netanyaxu va Galantga xalqaro hibsga olish orderlarini chiqargan edi.
Shuningdek, Tramp sudni «asosli huquqiy dalillarsiz» amerikalik fuqarolarga qarshi dastlabki tergovlarni boshlashda aybladi. U sud xodimlari hamda AQSh yoki uning ittifoqchilari, jumladan Isroilga qarshi tergovlar, ayblovlar yoki hibsga olish orderlari chiqarishda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etishga buyruq berdi.
Trampning farmoniga binoan, sanksiya ostiga tushgan shaxslarning aktivlari muzlatiladi, ularga AQSh fuqarolari va kompaniyalari bilan moliyaviy yoki tijoriy aloqalar o‘rnatish taqiqlanadi. Bundan tashqari, ushbu shaxslarning AQShga kirishiga ham cheklov qo‘yiladi.
Bu Trampning Xalqaro jinoiy sudga qarshi birinchi sanksiyasi emas. U ilk prezidentlik davrida ham xuddi shunday farmon chiqargan edi, chunki sud o‘sha paytda Afg‘onistonda AQSh askarlari tomonidan sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlarni tergov qilayotgandi.