Toshkentning bir nechta tumanlarida “Gastronomik turizm” tashkil etiladi

Toshkentning bir nechta tumanlarida “Gastronomik turizm” tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 27 fevral kuni Toshkent shahrida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar loyihalari yuzasidan axborot berildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish, hududlarning turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish, aholining uy-joy sharoitlari va shaharlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qator maqsad va vazifalar belgilangan.

Bugungi yig‘ilishda bu boradagi ishlarni poytaxtda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, tadbirkorlik sub’ektlarining investisiya loyihalarini amalga oshirishni soddalashtirish maqsadida Toshkent shahrida aksiyadorlik jamiyati shaklida “Toshkent invest kompaniyasi” tashkil etilgan. Kompaniya bo‘sh yer uchastkalari negizida investisiya loyihalari va davlat-xususiy sheriklik, shu jumladan renovasiya loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Shu munosabat bilan davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi, poytaxtda renovasiya loyihalarini amalga oshirish tartibi, “hayotiy davr shartnomasi” asosida hamkorlik qilish tartibi tasdiqlanmoqda.

Taqdimotda Yangihayot tumanining sanoat salohiyatini oshirish va yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi to‘g‘risida axborot berildi. 664,5 gektar maydonni egallaydigan sanoat zonasi hududida yaqin yillarda 1,5 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investisiyalarini o‘zlashtirish, 2,5 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish, yiliga 1 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va 5 million dollar miqdorida eksport amalga oshirish rejalishtirilmoqda.

Poytaxtda turizm xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Shu maqsadda Toshkentning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida tegishli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Dasturda “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish, zamonaviy savdo-servis ob’ektlari va mehmonxonalar qurish, kanallar bo‘yida yashil va dam olish hududlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Bu boradagi ishlarni mahalla darajasida tashkil etish, bunda mahallalarning o‘sish nuqtalarini aniqlab, muayyan faoliyat turiga ixtisoslashtirish va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha “Andijon tajribasi”dan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan hujjat loyihalari va takliflarni ma’qullab, ularning ijrosini sifatli va samarali tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!