Toshkentda qiz bolaga uylanishni va’da berib, sevishgan "erkak", aslida, qiz bola bo‘lib chiqdi

Toshkentda qiz bolaga uylanishni va’da berib, sevishgan "erkak", aslida, qiz bola bo‘lib chiqdi

Virtual olamdagi tanishuv ba’zan haqiqiy hayotdagi baxt sari yetaklashi ham mumkin. Ammo bu “o‘rgimchak to‘ri”da adashib qolmasdan, aynan sizga kerakli insonni topish oson ish bo‘lmasligi aniq. Ijtimoiy tarmoqlardagi faol qizlar ayrim xavfsizlik qoidalarini unutib qo‘yishmasa, quyidagi kabi jinoyatlarning oldi olingan bo‘larmidi?

Holatni yashirin ravishda videoga oladi

Mahmud (ismlar o‘zgartirilgan) “Instagram” ijtimoiy tarmog‘i orqali Dilsora bilan tanishib, unga sevgi izhor qiladi, uylanishini aytadi. Qabih niyatini amalga oshirish maqsadida o‘zini betoblikka solib, holidan xabar olish uchun qizni o‘zi yashayotgan uyiga chaqiradi. Sodda qiz yigitning gapiga ishonib, uyiga kelganida u bilan yaqinlikda bo‘lmoqchi bo‘lgan holatni yashirin ravishda telefonga videoga oladi. Bu kamlik qilgandek, Dilsora ustiga kiyimini kiyayotgan jarayonni ham suratga oladi. Keyinchalik u mazkur video va fotosuratlarni Dilsoraning ota-onasiga ko‘rsatish, tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, undan bir dona narxi 2.500.000 so‘mlik ayollar tilla uzugi va bir juft narxi 1.000.000 so‘mlik ayollar tilla ziragini qo‘lga kiritadi.

Mushugini hech kim pisht demaganidan ilhomlandi

Mahmud qizdan olgan tilla buyumlar bilan chegaralanmay, jinoiy xatti-harakatlarini davom ettiraveradi. Yuqoridagi sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitib, bir necha marotaba Dilsoradan bo‘lib-bo‘lib, turli miqdordagi AQSh dollarlarini oladi. Uning mushugini hech kim pisht demaganidan ilohomlanib, bu haqda manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan tanishi Anvarga maqtanadi. Ular jinoiy til biriktirgan holda qizdan yanayam ko‘proq pul undirish maqsadida turli xil bahonalarni o‘ylab topishadi. Sharmanda bo‘lishdan qo‘rqqan Dilsora ularga o‘n oy davomida bo‘lib-bo‘lib, jami 10.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib kelib beradi. Ular olingan pullarni o‘zaro bo‘lib olgan holda o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishadi.

O‘g‘rini qaroqchi urdi

Bu orada Dilsora “Telegram” orqali o‘zini go‘yoki “Farrux va Behzod” deb tanishtirgan, aslida qiz bola bo‘lgan Nilufar bilan tanishib qoladi. U Dilsora bilan sevgi-muhabbat haqida gaplashib yuradi, unga uylanmoqchi ekanligini aytadi. Onamni sovchilikka yuboraman, deb Dilsora yashaydigan mahallasidan surishtirgani va uning ilgari boshqa yigit bilan sevishib yurganini eshitganini, bor gapni o‘z og‘zi bilan ro‘y-rost aytib berishini so‘raydi va bunga ko‘ndiradi. Dilsora unga avval Mahmud bilan sevishganligini, uning uyiga borganida yaqinlik qilishgan jarayonini suratga olganini, keyinchalik bu video va fotosuratlarni ota-onasiga ko‘rsatish yo‘li bilan qo‘rqitib, pul olganini gapirib beradi. Bunday muhim ma’lumotga ega bo‘lgan Nilufar ham o‘z tilidan tutilgan Dilsoradan pul undirish fikri tug‘iladi. U qizni mazkur videolarni ota-onasiga ko‘rsatish bilan qo‘rqitadi. O‘zini pulni olishga kelgan “Farrux”ning singlisi “Iroda” sifatida tanishtirib, undan dastlab 300 AQSh dollarini, so‘ngra 400 AQSh dollarini oladi. Bel og‘ritmay pul topishning bu usuli yoqib qolgach, Nilufar Dilsorani qo‘rqitib, yana 600 AQSh dollarini talab qiladi va bu pulni qo‘lga kiritadi. Nilufar shuncha olingan dollarlar bilan taskin topmay, ishtahasi karnay bo‘lib, Dilsoraga “Endi 5000 AQSh dollari berasan, bo‘lmasa sharmanda qilaman”, deydi. Tanishi Nosirga tegishli mashinada pulni olish uchun Dilsoraning uyiga borib, Nosirni “Farrux” deb tanishtiradi. Dilsora buncha katta pulni birdan berolmasligini aytib, ularga mazkur miqdordagi pulni bo‘lib-bo‘lib beradi. Tovlamachilarning nafsi hakalak otayotganini ko‘rib, jinoyat haqida ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Nilufar va Nosir hech narsadan bexabar holda navbatdagi 300 dollarni qo‘lga kiritayotgan vaqtda Toshkent shahar IIBB JQB tezkor vakillari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Jinoyatchilarga jazo tayinlandi

Nilufar JK 165-moddasi 2-qismining “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 72-moddasiga asosan unga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi.

Mahmud va Nosir JKning tegishli moddalari bilan aybdor, deb topilib, ularning har biriga nisbatan 5 yil, Anvarga esa uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Muhammad QAYUMOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi,

Lola SHOIMOVA

jurnalist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!