Toshkentda noqonuniy dori vositalari ishlab chiqaruvchi yashirin korxona fosh etildi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Mirzo Ulug‘bek tumanida noqonuniy farmasevtika faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tekshiruvda fuqaro A.A.A. ikki noturar joyda yashirin (“yama”) sex tashkil etib, ruxsatsiz antisanitariya sharoitida yirik hajmda dori vositalari ishlab kelayotgani aniqlandi. Mazkur ob’ektlar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda quyidagilar aniqlandi:
-
493,96 kg miqdorda dori vositalarini tayyorlashda ishlatiladigan turli xil kukunsimon xomashyo (masalan, “Fanigan” dori vositasi misolida: har bir tabletkasi 550 mg hisoblanganda 850–900 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi),
-
180,62 kg va 2993 quti qo‘lbola usulda tayyorlangan tabletka hamda kapsula ko‘rinishidagi dori vositalari,
-
133 dona flakonda “Ursosan” yozuvli tayyor dori vositalari.
Natijada taxminiy qiymati 150 ming AQSh dollarini tashkil etuvchi 19 dona tibbiyot uskunalari (stanok), shuningdek, 21 dona temir qolip, 132 dona rulonda shtrix-kod (chop etish uchun mo‘ljallangan qog‘oz), 2 ta rulonda “Neyromidin” va 1 ta rulonda “Parasetamol” dori vositasining shtrix-kodi bosilgan yorliqlar, etiketkalar va qo‘llanmalar aniqlandi.
Shuningdek, ob’ektdan bir dona “RAIKAL” nomli pnevmatik qurol ham topildi. Mazkur qurol, ko‘rinishidan sport yoki o‘quv maqsadlariga mo‘ljallangandek tuyulsa-da, amalda inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi, hatto hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday vositalar noqonuniy muomalada jinoyatchilar qo‘liga tushsa, u firibgarlik, talonchilik yoki boshqa huquqbuzarliklarda vosita sifatida ishlatilishi ehtimoli yuqori.
Ta’kidlash lozimki, qo‘lbola uslubda tayyorlangan dori vositalari inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi, allergik reaksiyalar, zaharlanish va og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, yashirin ishlab chiqarish iqtisodiyotga katta zarar keltirib, soliqlar va bojxona to‘lovlarining yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
