Toshkent tumanining ayrim hududlarida ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi

Toshkent tumanining ayrim hududlarida ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
“Toshkent suv ta’minoti” MCHJ Toshkent tuman bo‘limining 2020 yil 6 oktyabrdagi 371-son xabarnoma xatiga binoan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
“O‘zbekgidroenergo” AJ “Qodiriya gidroelektrostansiyalar kaskadi” unitar korxonasining 2020 yil 5 oktyabrdagi 02-07/631-son xatiga asosan, “Qodiriya GES” (3-GES) to‘liq quvvatda ishlashi uchun 3-GES kanali suvi 20 kun muddatga to‘xtatilishi va yangi 3-GESga ulanishi talab etiladi. Shu munosabat bilan Qibray tumani hokimligi, Qibray irrigasiya boshqarmasi, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan derivasiya kanali suvi 2020 yil 7 oktyabr kuni o‘chirilishi belgilandi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2020 yil 7 oktyabrdan 2020 yil 27 oktyabr kuniga qadar yangi qurilgan 3-GESga ulash ishlari olib borilishi munosabati bilan, Bo‘zsuv derivasiya kanalida suv to‘xtaydi hamda “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ “Qodiriya” markaziy suv inshootida ichimlik suvi ishlab chiqarish ishlari 20 kun muddatga to‘xtatiladi.
Ushbu vaqt davomida Toshkent tumanining ichimlik suvi ta’minoti “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ tuman bo‘limi tomonidan ta’minlanadigan 24 ta mahalla hududlarida, jumladan, “Ayriota”, “Avliyoota”, “Ahillik”, “Bog‘bon”, “G‘ishtko‘prik”, “Darxon”, “Ibrat”, “Qashqarlik”, “Kensoy”, Qirariq”, “Qorasaroy”, “Ko‘kterak”, “Quruvchi”, “Mustaqillik”, “Rahbarobod”, “Oydin hayot”, “Sag‘bon”, “Sanoat”, “Sarke”, “Sirg‘ali”, “Tinchlik” va “Uchsada” mahallalari aholisining ichimlik suvi ta’minoti 2020 yil 7 oktyabrdan 2020 yil 27 oktyabr kuniga qadar to‘liq yoki qisman to‘xtatiladi.
Ayni vaqtda tuman hokimligi, “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ tuman bo‘limi tomonidan ichimlik suvi to‘xtatiladigan aholi yashash punktlarini Toshkent shahar ichimlik suvi tarmog‘idan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda maxsus transportlar yordamida jadval asosida ichimlik suv yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Tuman aholisidan ushbu davr mobaynida iste’mol qilish uchun toza ichimlik suvi zaxirasini yaratish so‘raladi.
Qo‘shimcha ma’lumot va murojaat uchun “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ Toshkent tuman bo‘limi dispetcherlik xizmati telefon raqami: 95 145-01-99", deyiladi ma’lumotda.