Toshkent metropolitenida favqulodda chaqiruv tugmalari o‘rnatilmoqda

Toshkent metropolitenida favqulodda chaqiriq tugmalarini o‘rnatish boshlandi. Bu haqda «Toshkent» telekanali «Poytaxt» informasion dasturida xabar berildi.
Ko‘rsatuvda qayd etilishicha, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida metropoliten hududida chaqiruv tugmalari o‘rnatilmoqda.
«Fuqarolar ushbu tugmani bosish orqali metropoliten xodimlari bilan bog‘lanib, huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar berishi yoki yordam so‘rashi mumkin», — deya ta’kidladi IIV transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti matbuot kotibi Azamat Axmatov.
Mutasaddining qo‘shimcha qilishicha, metrodagi videokamera va dinamiklar yordamida xodimlar murojaatchi bilan audio-videoaloqa o‘rnatadi. Barcha ma’lumotlar avtomatik ravishda tizimda qayd etiladi. Bu yo‘lovchilarning murojaatlariga tezkor javob qaytarish imkonini beradi
Xodimlar tomonidan tunu kun situasion tahlil markazining metro bekatlariga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari orqali kelib tushayotgan xabarlarni aniqlash, tezkorlik bilan bartaraf etish va shubhali ko‘ringan yo‘lovchilarning xatti-harakatlari kuzatib borilmoqda, deyiladi xabarda.