Toshkent harbiy okrugi Qo‘mondoni bir guruh yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Toshkent harbiy okrugi tashabbusi bilan poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Yoshlik” talabalar shaharchasida “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari Qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Durdona Rahimova, “Yoshlik” talabalar shaharchasi kengashi raisi Ziyodulla Sa’dullayev ishtirok etdi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida qo‘yilgan vazifalar ijrosiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bundan ko‘zlangan asosiy yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, ular bilan samimiy va shaffof muloqotlar o‘tkazish, muammoli masalalarni bartaraf etishdan iborat.
Okrug Qo‘mondoni o‘zaro muloqotlarda o‘tgan yillar mobaynida Qurolli Kuchlar moddiy-texnik bazasi tubdan yangilangani, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi sezilarli ravishda kuchaytirilgani, xalq bilan armiyaning birligi, yakdilligi amalda to‘liq namoyon bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirning eng qiziqarli va shiddatli nuqtasi yuzma-yuz savol-javoblar jarayoni bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Okrug Qo‘mondoni yoshlarning harbiy xizmat bilan bog‘liq ko‘plab savollari, takliflari, muammolariga quloq tutdi va ularning har biriga batafsil javob berib o‘tdi. Asosiy e’tibor harbiy xizmatni o‘tash qoidalari, harbiy bilim yurtlariga kirish shartlari, tizimdagi imtiyoz va rag‘batlar, armiyamizdagi zamonaviy jangovar texnikalar kabi qator masalalarga o‘zagiga qaratildi.
Eng muhimi, ko‘plab savollarga shu joyning o‘zida yechim topildi.
So‘z olganlarning aksari “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi katta va muhim tashabbus bo‘lganini, bu kabi uchrashuvlarning tez-tez tashkillashtirilishi ertamiz egalari uchun ayni muddao ekanini ta’kidlab o‘tishdi.
Tadbir davomida Chirchiq garnizoni Manaviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri, raqqosalari va yakkaxon xonandalari ijrosida musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida bir guruh faol yoshlar va harbiy xizmatchilarga faxriy yorliq va Qo‘mondon esdalik nishoni topshirildi.