"Tojikistondagi keskin vaziyatdan xavotirdamiz" - BMT Bosh kotibi

"Tojikistondagi keskin vaziyatdan xavotirdamiz" - BMT Bosh kotibi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida keskinlik va zo‘ravonlik kuchayishi, jumladan, o‘lim haqidagi xabarlardan xavotirda. Bu haqda Bosh kotibning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.

“Bosh kotib Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida keskinlik va zo‘ravonliklar kuchaygani, jumladan qurbonlar soni haqidagi xabarlardan xavotirda. U vazminlikka va mavjud vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiradi. BMT vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda”, deydi Dyujarrik.

Dunyo ismoiliylarining imomi, shahzoda Karim Og‘axon IV, o‘z navbatida, Badaxshondagi izdoshlarini “mojarolarni muloqot orqali, hurmat va o‘zaro tushunish ruhida hal qilishga” chaqirgan.

“Men imom sifatida tojikistonliklarimni xotirjamlikka, mamlakat qonunlariga rioya qilish, har qanday zo‘ravonlik, tartibsizlik, noqonuniy xatti-harakatlar yoki fuqarolarning farovonligiga xavf tug‘diradigan boshqa harakatlardan voz kechish, jamiyatimiz an’analarini doimo asrab-avaylash, barcha vatandoshlar bilan tinch-totuv yashash, o‘z mamlakatlari rivojiga faol hissa qo‘shishga chaqiraman”, deydi Og‘a Xon.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Tog‘li Badaxshon ma’muriy markazi Xorug‘ shahri aholisi viloyat rahbari Alisher Mirzonabotning iste’foga chiqishini talab qilganidan so‘ng, mintaqadagi vaziyat keskinlashgan. Viloyat rahbari iste’foga chiqmagan taqdirda, badaxshonliklar norozilik namoyishlarini boshlashga va’da berishdi. Rasmiylar talablarni noqonuniy deb e’lon qildi va namoyishlarda ishtirok etish terrorchilik harakati sifatida baholanishini aytgan.

16 may kuni namoyishchilar Xorug‘ markazidagi viloyat hokimligiga bordi, biroq xavfsizlik kuchlari ularning yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Ular namoyishchilarga qarshi rezina o‘q va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Ijtimoiy tarmoqlarda harbiy qurollar ham qo‘llanilgani, oqibatda bir kishi halok bo‘lgani, bir necha kishi yaralangani haqida xabarlar tarqalgandi.

18 may kuni Tog‘li Badaxshonning Rushon tumanida 200 ga yaqin odam Dushanbe-Xorug‘ avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan, “aksilterror operasiyasi” boshlangan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, operasiya davomida kuch tuzilmalaridan birining xodimi halok bo‘lgan, 13 nafar harbiy xizmatchi og‘ir yaralangan. Shuningdek, 8 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi yaralangan va 114 nafar “terrorchi guruhlar a’zosi” qo‘lga olingan. Uyushgan jinoiy guruhdan ko‘p miqdorda qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, molotov kokteyllari musodara qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!