Tibbiyot va davlat-xususiy sheriklik: prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Tibbiyot va davlat-xususiy sheriklik: prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida gi prezident qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.

Hujjat bilan sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shakllarini va muddatlarini tatbiq etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin:

- xususiy tibbiyot tashkilotlari binolarini qurish va doimiy foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalarini ajratish - doimiy;

- mavjud davlat tibbiyot tashkilotlarini qaytadan qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash sharti bilan xususiy tibbiyot tashkilotlari ob’ektlari qurish va doimiy foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalari taqdim etish doimiy;

- xususiy tibbiyot tashkilotlari binolarini qurish va vaqtincha foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalari taqdim etish kamida 10 yil;

- bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlarini, shu jumladan faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat tibbiyot tashkilotlarining bino va inshootlarini maqsadli foydalanish uchun nol xarid qiymatida sotish - doimiy;

- davlat tibbiyot tashkilotlarining foydalanilmayotgan, kam foydalaniladigan yoki rekonstruksiya qilish yoxud kapital ta’mirlashni (qayta jihozlashni) talab qiladigan mavjud bino, inshoot va tibbiy asbob-uskunalarini foydalanish uchun taqdim etish kamida 10 yil;

- konsessiya asosida bino qurish yoki rekonstruksiya qilish, jihozlash uchun mol-mulk va yer uchastkalarini ajratish 15 yilgacha;

- davlat tibbiyot muassasalarini xususiy sherikka ishonchli boshqaruvga topshirish 15 yilgacha;

- davlat tibbiyot tashkilotlarining ayrim funksiyalari yoki xizmatlarini tadbirkorlik sub’ektlariga autsorsing asosida o‘tkazish 5 yilgacha;

- xususiy tibbiyot tashkilotlarining ayrim funksiyalari yoki xizmatlaridan davlat tibbiyot tashkilotlarida shartnoma asosida foydalanish 5 yilgacha;

Davlat xususiy sheriklik shakliga ko‘ra, xususiy sherikka quyidagi investisiya majburiyatlari yuklatiladi:

- davlat tibbiy muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash ishlarini bajarish;

- qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan imtiyozli toifadagi va ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan shaxslarga imtiyozli to‘lov hajmlarida yoki bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish;

- davlat tibbiy muassasalari uchun yordamchi funksiyalarni, shuningdek davolash-profilaktika xizmatlarining sog‘liqni saqlash organlari tomonidan belgilangan alohida turlariniko‘rsatish;

- davlat xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ko‘zda tutiladigan boshqa majburiyatlar.

Qaror loyihasiga Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni tashkil etish to‘g‘risida nizom ilova qilingan.

Xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tibbiy faoliyat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun lisenziya asosida amalga oshiriladi , - deyilgan hujjat loyihasida.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun tanlov ochiq turda o‘tkaziladi va barcha yuridik shaxslar qatnashishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!