Tibbiy sug‘urta tizimi joylarda qanday tatbiq etilmoqda?

Sog‘liqni saqlash sohasi transformasiyasi jarayonida tibbiy sug‘urta tizimini amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratib kelinayotgani bejiz emas. Zero, bu bilan sohani xalqqa yaqinlashtirish, aholini qo‘llab-quvvatlashni tizimli yo‘lga qo‘yish va pirovardida “Inson qadri ustuvor” tamoyili hayotimizdan mustahkam o‘rin topishiga erishish maqsad qilingan.
Bu borada Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, joylarda bu boradagi ishlarning borishi qay holatda?
Sog‘liqni saqlash vaziri A. Xudayarov rahbarligida bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa yig‘ilishida ayni masala chuqur tahlil qilindi.
Tadbirda vazirlik mutasaddilari, tegishli tashkilotlar vakillari, joylardagi studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda viloyatlar boshqarmalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari mas’ullari qatnashdi.
Yig‘ilishda ayni mavzu bo‘yicha vazir o‘rinbosari Farrux Sharipov ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, keltirilgan qarorda tibbiy sug‘urta tizimi qaysi hududda qachon tatbiq etilishi belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, o‘tgan yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida mazkur tizim hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Joylarda muayyan yutuqlar barobarida, zudlik bilan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar ham kuzatilayotir.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan shu yilning yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida ham bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Xususan, Sirdaryo viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan yanvar-fevral oylarida bemorlarni qabul qilish, tibbiy ko‘rik va maslahat berish vazifalari 51 foizga bajarilgan. Tibbiy-profilaktik xizmatlarni ko‘rsatish, profilaktik ko‘riklar hamda skrining, diagnostik va laborator tekshiruvlar yo‘nalishlarida ham past ko‘rsatkichlar kuzatilgan.
Tibbiyot muassasalari rahbarlari tomonidan ish jarayoni to‘g‘ri tashkil etilmagani bois aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar kafolatlangan darajada ko‘rsatilmayapti. Yomoni, byudjet mablag‘i samarasiz ishlatilishiga olib kelmoqda.
Yana bir misol. Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi ichki dorixonasi omborida ehtiyoji aniq bo‘lmagan 299 mln. 988,4 ming so‘mlik dori-darmon va tibbiy buyumlar hamda 4 mingdan ziyod shprislar ishlatilmasdan turgani aniqlangan. Hudud aholisi esa shu turdagi dori vositalari va shprislarni sotib olishga majbur bo‘lgan.
Bunday kamchiliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham kuzatilgan. Masalan, hududdagi birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari tomonidan Taxiatosh TTBsida qatnovlar soniga, 40 va undan katta yoshdagilar rejali skrininglariga qo‘shib yozish holatlari kuzatilgan.
Bunday holatlar EKG, FGDS va laboratoriya bo‘limlarida borligi ham aniqlangan.
Yig‘ilishda aytilganidek, Navoiy va Samarqand viloyatlarida shu yil 1 iyuldan, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida esa 1 oktyabrdan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, allaqachon tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Ammo shu jarayonlarda ayrim xato va kamchiliklar, xususan, kompyuter yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar ham ko‘zga tashlanmoqda.
Tibbiyot muasassalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ham yechimini kutayotgan masalalar bor. Ayniqsa, barcha viloyatlarda tor soha mutaxassislari yetishmaydi. Shulardan kelib chiqqan holda, yig‘ilishda aprel oyidan boshlab barcha darajadagi rahbarlarning quyiga tushib ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi urg‘ulandi.
O‘z navbatida, ko‘rsatilgan kamchiliklarni hal etishga qaratilgan aniq tavsiyalar ishlab chiqildi. Shu jumladan, tez kunlarda yurtimiz bo‘yicha 15 ta tuman tibbiyot birlashmasida o‘rganishlar o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.