Tezkor: Mirziyoyev Putin bilan telefon orqali muloqot qildi

Tezkor: Mirziyoyev Putin bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinni ushbu mamlakat prezidentligiga saylovda qozongan ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Davlatimiz rahbari saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari rossiyaliklar amaldagi Prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugun o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atda oshib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda, yetakchi korxonalar, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasida kooperasiya aloqalari kuchaymoqda. Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.

Joriy yilning aprel oyida Toshkentda kooperasiyaning yangi shakllari va istiqbolli loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydonga aylangan navbatdagi “INNOPROM” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Telefon orqali muloqot chog‘ida bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!