«Tez orada» Toshkentda isitish mavsumini yakunlash haqidagi qaror qabul qilinadi

Yaqin vaqt ichida Toshkent hokimligi 2024-2025 yilgi isitish mavsumini yakunlash bo‘yicha qaror qabul qiladi, deb xabar berdi Veolia Energy Tashkent.
O‘zbekiston Gidrometerologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 8 martdan 14 martgacha bo‘lgan davrda Toshkentda o‘rtacha sutkalik harorat +11,6 (8 martda minimal +9, 14 martda maksimal +13,1) daraja bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi «Ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti xizmati ko‘rsatish tartiblari to‘g‘risida»gi 194-son qaroriga ko‘ra, o‘rtacha sutkalik havo harorati ketma-ket besh mobaynida +8 darajada saqlanib tursa, isitish mavsumi yakunlanadi. Ushbu qarorga asoslanib, Toshkent shahri hokimligi tez orada 2024–2025 yillar uchun isitish mavsumini yopish haqida qaror qabul qiladi.
Bildirilishicha, isitish mavsumi yakunlangach, keyingi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish ishlarining muhim bosqichi boshlanadi. Veolia Energy Tashkent MCHJ XK kompaniyasi yilning sovuq mavsumida issiqlik ta’minoti yanada barqaror va sifatli bo‘lishi uchun issiqlik tarmoqlari, mahalliy qozonxonalar va nasos stansiyalarida joriy hamda kapital ta’mirlash ishlarini olib boradi.
Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruvchi kompaniyalar va UJMSh mavjud binolarda muhandislik kommunikasiyalarni keyingi isitish mavsumiga hozirlashni boshlashlari, jumladan, uylardagi isitish tizimlarini yuvish, joriy va kapital ta’mirlash ishlarini bajarishlari kerak.
"Kvartiralar egalari xonadondagi batareyalar yaxshi holatda bo‘lishiga e’tibor qaratishlari kerak, chunki keyingi isitish mavsumidagi qulaylik shunga bog‘liq bo‘ladi. Biz xonadoningiz yilning sovuq davrida issiq va shinam bo‘lishi uchun isitish radiatorlarini yuvdirishni tavsiya qilamiz", deyiladi xabarda.