Telegram'da "Alisher Usmonov aksiyasi" nomi ostida firibgarlik qilgan guruh fosh etildi

Toshkent viloyati IIBB va Ohangaron shahar IIB xodimlari Telegram'da 200 dan ortiq guruh ochib, odamlarni firibgarlik yo‘li bilan aldagan 7 nafar shaxsni qo‘lga oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli SH.B. o‘z uyida 18-25 yoshdagi 6 nafar sheriklarini jalb qilgan. Ular “20 mln so‘mlik sovrin yutib oldingiz” qabilidagi yolg‘on xabarlar tarqatib, pul o‘tkazmalarini o‘zlashtirgan.
Reyd davomida 4 dona kompyuter, 11 ta telefon, Wi-Fi qurilmalari va bank kartalari daliliy ashyo sifatida olindi.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu guruhning har bir a’zosiga alohida vazifa belgilangan. Bir shaxs soxta chek tayyorlab, guruhlarni nazorat qilsa, boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yig‘ish bilan shug‘ullangan.
Shuningdek, yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan bo‘lsa boshqasi kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shug‘ullangan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.