Tehron Tramp maktubiga javob berdi

Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy ma’lum qilishicha, AQSh Prezidenti Donald Trampning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha maktubiga chorshanba kuni Ummon orqali javob jo‘natilgan. Bu haqda IRNA axborot agentligi yozgan.
Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, nomada mamlakatning hozirgi vaziyat haqidagi fikri batafsil bayon etilgan.
Mart oyi boshida Tramp Eron oliy rahbari Ali Humanaiyga xat yozib, yadroviy dastur masalasida Tehron bilan kelishuvga erishishni afzal ko‘rishini aytgan. Keyinroq Vashington bu muammoni hal qilishning ikki – harbiy yoki diplomatik yo‘li ko‘rib chiqilayotganini ta’kidlab, muzokaraga ustuvorlik berilishini ta’kidlagan.
“Axios” portali esa Amerika yetakchisi o‘sha xat orqali yangi yadroviy bitim tuzish uchun ikki oy muddat belgilagani haqida yozdi.
2015 yil Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Fransiya Eron bilan mamlakatning yadroviy dasturini cheklash evaziga sanksiyani bekor qilish nazarda tutilgan kelishuvni tasdiqladi. 2018 yil mayda, ya’ni Trampning avvalgi prezidentligi davrida Qo‘shma Shtatlar ushbu bitimdan chiqdi va Tehronga qarshi sanksiyani tikladi. Bunga javoban Eron ham o‘z majburiyatini bosqichma-bosqich qisqartirish, xususan yadroviy tadqiqot olib borish va uranni boyitish darajasini cheklashdan voz kechishini e’lon qildi.
– Hozirgi sharoitda Eron tomoni “nimadir o‘zgarmasa”, AQSh bilan muzokaraga kirisha olmaydi, – deya xulosa qilgan Araqchiy. – Tehron bu jarayonda Vashington bilan muloqot bo‘yicha mavjud salbiy tajribaga, buning respublika uchun oqibatlariga tayanadi.