Tavakkal qilishdan nega qo‘rqamiz?

عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « لَوْ أَنَّكُمْ كُنْتُمْ تَوَكَّلُونَ عَلَى اللَّهِ حَقَّ تَوَكُّلِهِ لَرُزِقْتُمْ كَمَا تُرْزَقُ الطَّيْرُ تَغْدُو خِمَاصًا وَتَرُوحُ بِطَانًا » (رواه الترمذي)
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladi: “Agar siz Allohga chinakam tavakkal qila olganingizda edi, xuddi ertalab inidan bo‘m-bo‘sh chiqib ketgan qush kechki payt to‘lib-toshib qaytib kelishi kabi rizqlantirilar edingiz”» (Imom Termiziy rivoyati).
Hadisi sharifda Allohga chinakam tavakkal qila olsak, xuddi qushlardek rizqimiz oyog‘imiz ostiga sochib qo‘yilishi chiroyli uslubda anglatilmoqda.
Hech e’tibor berganmisiz, tong otishi bilan qushlar chug‘urlashib inlaridan chiqadi. Yeyishga hech vaqosi yo‘q bo‘lsa-da, xotirjamlik bilan ucha boshlaydi. Chunki bu jonivorlar rizq Allohdan ekanini biladi.
Biz-chi?! Shu qushlarchalik Rabbimizga tavakkal qila olyapmizmi?!
Alloh taolo marhamat qiladi: «Erda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi(ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul mahfuz)da (yozilgan)dir» (Hud surasi, 6-oyat).
Oyati karimadagi “daabbatun” so‘zi “o‘rmalab yuruvchi narsa” degan ma’noni anglatadi. Ushbu so‘z barcha tirik mavjudotni o‘z ichiga oladi.
Ahli sunna val jamoa ulamolari ushbu oyatni dalil qilib: “Harom narsalar ham bandaga rizqdir. Aks holda, bir umr haromdan kasb qilganlar (masalan, o‘g‘ri, riboxo‘rlar) rizqdan benasib bo‘lar edilar”, deyishgan.
Ibn Uyayna: “Inson, chumoli va sichqondan boshqa biror jonzot o‘z rizqini zaxira qilib saqlab qo‘ymaydi”, deydi.
Hadisi shariflarda ham rizq Allohdan ekani ochiq-oydin bayon etilgan. Xususan, Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, rizq bandani xuddi ajali qidirganidek qidiradi”, dedilar» (Ibn Hibbon rivoyati).
Abdulloh ibn Hasan ibn Ali otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Tabuk g‘azoti kuni minbarga ko‘tarilib, Allohga hamdu sano aytdilar va: “Ey odamlar, Allohga qasamki, men sizlarni faqat Alloh buyurgan narsagagina buyurib, Alloh qaytargan narsadan qaytaraman. (Rizqlaringizni) chiroyli suratda talab qilinglar! Abulqosimning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, har biringizning rizqi ajali uni qidirganidek qidiradi. Agar undan biron narsa sizlarga kechiksa, uni Alloh azza va jallaning toati bilan talab qilinglar!” dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar birontangiz rizqidan qochmoqchi bo‘lsa ham, albatta (rizqi) uni xuddi o‘limi ta’qib etganidek quvib yetadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, bandaning o‘z rizqi bor. Agar jin va insonlar u (rizq)dan biron narsani un(ga kelishi)dan to‘sish uchun yig‘ilsalar, bunga qodir bo‘lmaydilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Sulaymon alayhissalom qirg‘oqda o‘tirgan edi. Don ko‘tarib dengiz sari ketayotgan chumoliga ko‘zi tushdi. Uni kuzata boshladi. Chumoli dengizga yetib bordi. Shunda suv ichidan bir qurbaqa boshini chiqardi va og‘zini ochdi. Don ko‘targan chumoli uning og‘ziga kirib oldi. Qurbaqa bir soatcha yo‘q bo‘lib ketdi. Sulaymon alayhissalom bu holdan taajjublandi. Bir payt qurbaqa suvdan boshini chiqarib og‘zini ochgan edi, haligi chumoli ko‘rindi. Biroq don yo‘q edi. Shunda Sulaymon payg‘ambar chumolini chaqirdi va undan donni nima qilganini, qayerda bo‘lganini so‘radi. Shunda chumoli: “Ey Allohning payg‘ambari! – tilga kirdi chumoli. – Mana shu dengiz tubida katta tosh bor, uning ichida ko‘r qurt yashaydi. Rizq talabida tashqariga chiqolmaydi. Alloh taolo unga ozuqa yetkazishni menga, suv tubiga sho‘ng‘ishni esa qurbaqaga yukladi”, dedi.
Sulaymon alayhissalom: “O‘sha qurtning biror tasbeh aytganini eshitganmisan?” deb so‘radi. Chumoli javob berdi: “U ushbu duoni aytar edi: “Ey rahmati ila meni to‘lqinlar ostida yotgan mana bu katta tosh ichida ham unutmaydigan Zot! Marhamating ila mo‘min bandalaringni ham unutmagin!»
Mazkur hadis bugungi kun uchun ham juda dolzarb. Negaki, ma’murchilik davrida ko‘pimiz Allohga tavakkal qilishni unutib qo‘ydik. Buning oqibatida yurtimizda imkoniyat, sharoit bo‘la turib, rizqimizni chet ellardan qidira boshladik. Qonuniy yo‘llar bo‘la turib, boshqa choralar axtarish sababli ayrim kishilar g‘alamislarning tuzog‘iga ilinib qolayotgani ham sir emas.
Xabaringiz bor, joriy yilning 30 may kuni Prezidentimiz topshirig‘iga binoan 156 nafar O‘zbekiston fuqarolari, asosan, ayollar va bolalar maxsus aviareysda “Mehr” insonparvarlik amaliyoti doirasida Toshkent shahriga olib kelindi.
Bu ezgu ishni barchamiz oynai jahon orqali kuzatdik. Ona yurt tuprog‘iga qadam qo‘ygan kattayu kichikning ko‘zlariga yosh qalqqanini ko‘rib, xayolimga yuqoridagi hadis keldi.
Hadisi sharifda Allohga chinakam tavakkal qila olsak, xuddi qushlardek rizqimiz oyog‘imiz ostiga sochib qo‘yilishi chiroyli uslubda anglatilmoqda. Buning uchun faqat ixlos kerak.
Manba: islom.uz