Tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish guruhi Trampning bal zali loyihasi yuzasidan Oq uyni sudga berdi
Kongress tomonidan tarixiy binolarni himoya qilish maqsadida tashkil etilgan notijorat tashkilot — Tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish milliy tresti AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan Oq uyda yangi bal zali qurilishiga qarshi sudga murojaat qildi.
Bu haqda BBC xabar berdi, deb yozadi «Evropeyskaya pravda».
Trest 12 dekabr kuni federal sudga da’vo arizasi kiritib, Oq uy oktyabr oyida tarixiy Sharqiy qanotni buzishdan oldin qonun bilan belgilangan zarur tekshiruvlar o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.
Tashkilot ta’kidlashicha, ular avval bildirilgan xavotirlar e’tiborsiz qoldirilgani sababli sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Da’voda qayd etilishicha, «hech bir prezident — na Donald Tramp, na Jo Bayden, na boshqa biror shaxs — Oq uyning ayrim qismlarini hech qanday huquqiy ko‘rib chiqishsiz buzib tashlash vakolatiga ega emas».
Shuningdek, da’vogarlar Tramp AQSh Konstitusiyasini buzganini ilgari surmoqda. Konstitusiyaga ko‘ra, federal mulkni tasarruf etish va u bo‘yicha qoidalar belgilash vakolati Kongressga tegishli.
Mazkur ish bal zali loyihasiga qarshi qaratilgan ilk jiddiy huquqiy da’vo hisoblanadi.
Tashkilot Vashingtondagi federal suddan jamoatchilik muhokamasi ham kiritilgan qonuniy ko‘rib chiqish jarayonlari to‘liq yakunlanmaguncha qurilish ishlarini to‘xtatishni talab qilmoqda.
Trest prezidenti Kerol Kuillenning so‘zlariga ko‘ra, «Oq uy — mamlakatdagi eng mashhur binolardan biri va Amerika ideallarining butun dunyoda tan olingan ramzidir».
Oq uy esa javob bayonotida prezident Tramp, o‘zidan oldingi rahbarlar kabi, Oq uyni modernizasiya qilish, ta’mirlash va obodonlashtirishga to‘liq haqli ekanini bildirdi.
Trampning mazkur loyihasi tarixiy binolarni buzish masalasi tufayli jamoatchilikda katta bahs va tanqidlarga sabab bo‘ldi, garchi uni qo‘llab-quvvatlovchilar ham mavjud.
Loyiha qiymati 200–300 million dollarga baholanmoqda. Mablag‘lar xususan xususiy donorlar hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, yangi zal 650 nafar kishini sig‘dira oladi, bu hozirgi eng katta Sharqiy xonaning imkoniyatidan uch barobar ko‘p.
So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning aksariyati Sharqiy qanotni buzib, yangi bal zali qurilishiga qarshi.
Donald Trampning aytishicha, yangi qabul marosimlari zali taxminan bir yarim yil ichida qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.
