Taqiqlangan taomlar qaysilar?

«Harom» so‘zi lug‘atda “man qilish”ni anglatadi. Shariatda esa, hech qanday shubhasiz, ochiq-oydin ravishda man qilingan narsa haromdir.
Hayvonlar uch qismga taqsimlanadi: suv hayvonlari, quruqlik hayvonlari va suv hamda quruqlikda yashovchi hayvonlar. Suv hayvonlarining barchasi jumhur ulamo nazdida haloldir. Hanafiylar esa suv hayvonlaridan faqat baliq halol, deyishgan.
Quruqlik hayvonlariga kelganda ulardan o‘zi o‘lib qolgani, oqqan qon, cho‘chqa go‘shti va Allohning nomi aytib so‘yilmaganini yeb bo‘lmaydi, bularning barchasi haromdir.
Bo‘g‘ilib o‘lgan, suzilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yuqoridan yiqilib o‘lgan, yirtqich hayvon yorib ketgan hayvonlarni joni bor vaqtida so‘yib olsa, halol bo‘ladi, agar so‘yishga ulgurilmasa, haromdir.
Qush va hayvonlardan bo‘ri, sher, yo‘lbars, burgut, lochin, qirg‘iy kabi yirtqichlar haromdir. Uy hayvonlaridan it, eshak va xachirlar ham harom sanaladi.
Er yuzida yuradigan chayon, ilon, sichqon, chumoli, suvarak, o‘rgimchak, ari kabi hasharotlarni yeyish haromdir.
Halol va harom hayvonning qo‘shilishidan tug‘ilgan hayvonlar ham harom hisoblanadi. Misol uchun, ot va eshakning qo‘shilishidan tug‘ilgan xachir haromdir. Shofe’iy, hanbaliy va hanafiylardan ikki imomning nazdida ot haloldir.
Hanafiylar nazdida zobb, chiyabo‘ri, tulki kabi hayvonlar ham haromdir.
Jumhur ulamo chorva hayvonlaridan tuya, sigir, qo‘y, echkilar halolligini aytishgan. Shuningdek, qo‘tos, jirafa, zebralar ham haloldir.
Yirtqich bo‘lmagan kabutar, musicha, chumchuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, tovuq, tuyaqush, bulbul kabi qushlar halol sanaladi, shuningdek, yirtqich bo‘lmagan kiyik, tog‘ echkisi, bug‘u, quyon kabi yovvoyi hayvonlar ham halol.
Mevalarga, donlarga, taomga va sirkaga tushgan qurtlar ham haloldir. Qurt tushgan yeguliklarni yemasdan tashlab yuborilmaydi.
Ham quruqlikda, ham suvda yashaydigan timsoh va baqaga o‘xshash hayvonlar harom. Bir so‘z bilan Qur’on va Sunnatda haromligi bayon qilingan hayvonlarning barchasi harom, halolligi bayon qilinganlarining barchasi halol hisoblanadi.
Shu bilan birga, o‘zi halol bo‘lgan narsalarga shariatda ma’n qilingan yo‘l bilan ega bo‘lsa, ular ham haromga aylanib qoladi. Misol uchun, zulm, o‘g‘rilik, riboxo‘rlik, aldamchilik, poraxo‘rlik yo‘li bilan topilgan har bir narsa, o‘zi qanchalik pok bo‘lsa ham, topuvchiga haromdir. Shuning uchun ham ulamolarimiz mutlaq haromni o‘zida haromlik sifati bor yoki man qilingan yo‘l bilan topilgan narsadir, deb ta’rif qilishadi.
Islomiy ta’limotlarda aytilishicha, mo‘min-musulmon inson yashash uchun yeydi, yeyish uchun yashamaydi.
Rishton tumani “Oqmozor” masjidi imomi
Ne’madali QURBONOV tayyorladi