Tanadagi shishlar qaysi kasalliklardan darak beradi?

Tanadagi shishlar qaysi kasalliklardan darak beradi?

Tanada shishlar ko‘pgina kasalliklar natijasida rivojlanadi. Bularni nisbiy ravishda guruhlarga bo‘lish mumkin. Quyida shular haqida bilib olasiz.

* Buyrak kasalliklari. Buyrak faoliyatining buzilishi natijasida tanada suv va tuz saqlanib qoladi. Bu esa shishlarga olib keladi. Bundan tashqari, ayrim buyrak kasalliklarida qonda oqsillar kamayib boradi. Bu ham shishlarni keltirib chiqaradi.

Buyrak shishlari odatda, ertalab paydo bo‘lib, yuzda ko‘proq ifodalangan bo‘ladi. Ko‘z ostidagi shishlar va qovoqlarning shishi buyrakning “ishidir”. Kunning ikkinchi yarmiga kelib shishlar yo‘qolib boradi.

* Yurak kasalliklari. Yurak kasalliklarida yurak qonni “tortib ololmaydi”. Natijada qon oyoqlarda yig‘ilib, shish keltirib chiqaradi. Bunday shishlar kechki paytgacha rivojlanib, ertalablari “so‘rilib” ketadi. Bemorlarni oyoqlardagi shishlar bilan bir qatorda ko‘krak qafasida og‘riq, sanchiq, holsizlik bezovta qiladi.

* Varikoz kasalligi. Varkioz kasalligi bilan taxminan 80 foiz ayollar va 30 foiz erkaklar og‘rigan. Uzoq vaqt tik turish, uzoq o‘tirib ishlash, oyoqlarni chalishtirib o‘tirish venalarda qon oqimini buzadi. Natijada ular shishi, oyoqlarda qon oqimi qiyinlashadi. Bunday shishlar ham kechki paytgacha rivojlanib boradi. Shishlarga “og‘ir oyoq sindromi” qo‘shiladi. Ya’ni oyoqlarda shish, og‘irlik, holsizlik, og‘riq rivojlanadi.

* Gormonal buzilishlar. Gormonlar balansining buzilishi ham bir havf omili sanaladi. Masalan, qalqonsimon bez kam miqdorda gormon ishlab chiqarsa, to‘qimalarda suvning qolib ketishi kuchayadi. Bunday shishlar ham ko‘pincha oyoqlarda rivojlanadi. Shishlar bosib ko‘rilganida barmoq ichi tezda yo‘qoladi. Shishdan tashqari bemorni tana vazni ortishi, ich qotishi, pulsning sustlashi, uyquchanlik bezovta qiladi.

* Allergiya. Allergiya ham ko‘p holatlarda shish bilan kechadi. Xavfliligi shundaki, bunda tashqi shishlar bilan birga ichki shishlar ham rivojlanishi mumkin. Masalan, halqumning shishi tezkor muolaja talab qiladigan holatdir. Bunda bemorning nafasi mexanik to‘silib qoladi.

Ko‘rinib turibdiki, shishlarning sabablari turlicha. Ularni davolash ham sabablariga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Yurak yoki buyrak kasalliklarida ularni davolash birinchi galda bo‘lsa, allergiya sababli shishda allergenni topib, uning ta’sirini cheklash kerak. Shu bilan bir qatorda shishlarni yo‘qotishga ham zudlik bilan harakat qilish lozim. Aks holda nafas yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!