Ta’limga ko‘p pul sarflansa, kambag‘allik qisqaradimi?

Ta’limga ko‘p pul sarflansa, kambag‘allik qisqaradimi?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) davlat tomonidan ta’lim tizimi uchun ajratilayotgan xarajatlar aholi orasida kambag‘allik darajasini qisqartirishga qanday ta’sir ko‘rsatishini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.

Inson kapitali nazariyasiga ko‘ra, ta’lim uchun xarajatlar oshiriladigan bo‘lsa, xodimlarning mehnat unumdorligi ham oshadi. Bu esa pirovardida ularning daromadlari ortishi hamda aholining kambag‘allik darajasi pasayishiga olib keladi. Shu bilan birga, farzand ta’limining boshlang‘ich darajalari (maktabgacha, boshlang‘ich, o‘rta ta’lim) ga sarmoya kiritish, kelgusida ularning daromadlari ta’limning keyingi bosqichlariga sarmoya kiritishdagiga qaraganda ko‘proq ortishida yordam beradi. Ta’lim jamiyatda daromadlar tengsizligini kamaytirish va gender tengligini ta’minlashning asosi hisoblanadi. Ota-onaning ta’lim darajasi farzandlar farovonligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatib, kelgusida ularning kambag‘al bo‘lib qolish xavfini kamaytiradi.

Davlat tomonidan ta’lim tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘larning kambag‘allikni qisqartirishga ta’sirini baholash uchun past va o‘rta daromadli 52 ta mamlakatning 1990-2020 yillar bo‘yicha panel ma’lumotlaridan foydalanib, empirik tahlil o‘tkazildi. Baholashda O‘zgarmas effektlar ekonometrik model qo‘llanildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat tomonidan ta’lim tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘larning 1% ga ortishi kambag‘allikni 0,03% ga qisqartirish imkonini beradi. Shu bilan birga, YAIMning o‘sishi, savdo-sotiq va hamda yalpi kapital qo‘yilmalarning oshishi, inflyasiyaning pasayishi kabi omillar kambag‘allik darajasi bilan teskari aloqaga ega.

2020-yilda tadqiq etilgan mamlakatlarda ta’lim tizimi uchun sarflangan xarajatlarning YAIMga nisbatan o‘rtacha ulushi 4,11% ni, O‘zbekistonda esa 4,9% ni tashkil etgan.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson kapitalini rivojlantirish va ta’lim sifatini oshirish, jamiyatning barcha a’zolariga ta’lim xizmatlarining hamma bosqichlaridan foydalanish imkoniyati berilishini ta’minlash uchun davlat byudjetidan mablag‘lar ajratishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa oxirgi 5 yilda ta’limning barcha bosqichlarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, aholining mos yoshdagi qatlamlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 38,2% ga (2016-yildagi 23,8% dan 2021-yilda 62% gacha), umumiy o‘rta ta’lim bilan 0,9%ga (2016-yildagi 96,9% dan 2021-yilda 97,8% ga), oliy ta’lim bilan 29% ga (2016-yildagi 9% dan 2021-yilda 38% ga) o‘sdi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘quvchilarning bilim va malakasini, shuningdek, STEM, qo‘shma ta’lim, loyihaviy ta’lim kabi zamonaviy mavzular va yondashuvlarni baholash uchun xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMMS) ga taalluqli bo‘lgan mavzularni ham o‘z ichiga olgan Milliy o‘quv dasturini tasdiqladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!