Ta’lim sifati va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot o‘rtasidagi bog‘liqlik
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan ta’lim sifati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilindi.
Ta’lim sifatini ifodalovchi ko‘rsatkich uchun abituriyentlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun OTMga kirish imtihonlarida to‘plagan ballari asos qilib olindi. Aholi daromadlari, ishsizlik va bandlik, maktabgacha ta’limning qamrovi va urbanizasiya darajasi esa ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning asosiy ko‘rsatkichlari sifatida olindi. Tahlil hududlar bo‘yicha amalga oshirildi.
Tahlil natijalari hududlar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholi savodxonligi ko‘rsatkichlari o‘zaro bog‘liq ekanligini ko‘rsatdi. Jumladan, umumiy daromadning aholi jon boshiga ulushi, bandlik darajasi, 1-6 yosh oralig‘idagi bolalarning maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan qamrab olinishi ko‘rsatkichlari past hududlarda kam ball (56,7 ball - to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizi) to‘plagan abituriyentlar ulushi katta (korrelyasiya koeffisiyentlari mos ravishda -0,41; -0,45 va -0,39).
Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida urbanizasiya muhim ahamiyat kasb etadi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarining shaharlarda joylashishi ularda doimiy ish o‘rinlarining yaratilishi va farovonlikning qishloqlardagiga qaraganda yuqori bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu esa ularda ijtimoiy ko‘rsatkichlar, jumladan ta’lim sifatining ham yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Natijalardan ko‘rish mumkinki, shaharlar bo‘yicha bitiruvchilarning o‘rtacha bali 78,0 va boshqa hududlar bo‘yicha 73,2 ni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun: "Yangi O‘zbekiston" massivlarida uy-joy qurilishi va 2023-yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektorda qator vazifalar belgilandi. Ular hududlarda urbanizasiya darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Tahlillar Navoiy, Nukus va Buxoro shaharlari o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim sifati bo‘yicha mamlakatning boshqa hududlari uchun namunaviy hududlar bo‘la olishini ko‘rsatdi. Bu shaharlarda joriy yil bitiruvchilarning o‘rtacha bali 89,9-94,3 oralig‘ida bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarni Buxoro viloyatining Qorako‘l (89,6) va Peshko‘ (88,6) tumanlari band etgan. Ta’kidlash lozimki, bitiruvchilarning o‘rtacha bali va aholi daromadlari hamda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi o‘rtasida bog‘liqlik kuzatildi (korrelyasiya koeffisiyentlari mos ravishda 0,53 va 0,63).
Joriy yil bitiruvchilari kesimida Buxoro viloyati ta’lim sifati bo‘yicha yetakchi hudud bo‘lib, viloyat bitiruvchilari kirish imtihonlarida o‘rta hisobda 85,6 ball to‘plagan. Shuningdek, Navoiy, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida vaziyat boshqa hududlardagiga qaraganda yaxshiroq. Bu hududlarda bitiruvchilarning o‘rtacha to‘plagan bali 77,0-83,4 oralig‘ida bo‘lgan. Sirdaryo, Surxondaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida esa o‘rtacha ball 69,5-72,7 ni tashkil etgan.
Bundan tashqari, tahlil ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi tafovutlar yuqoriligini hamda ba’zi muhim sohalarning jozibadorligini oshirish lozimligini ko‘rsatdi. Davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlar to‘plagan o‘rtacha o‘tish balining eng yuqori ko‘rsatkichi huquq (177 ball), iqtisod (160 ball), gumanitar fanlar (158 ball), sog‘liqni saqlash (157 ball), san’at (154 ball) sohalariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar irrigasiya va meliorasiya (92 ball) hamda qishloq xo‘jalik texnikasi (93 ball) sohalarida qayd etilgan.
Olingan natijalar kundalik hayotdagi muammolardan tortib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi kamchiliklargacha, barchasini ilmga sarmoya kiritish orqali hal etish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.
