Ta’lim krediti kimlarga beriladi?

Ta’lim krediti kimlarga beriladi?

Mamlakatimizda navbatdagi yangi o‘quv yili ham boshlandi. Ayni paytda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan ayrim talabalarni “Ta’lim krediti kimlarga beriladi, men ham ushbu imkoniyatdan foydalansam bo‘larmikan, bir oilaning 2-3 farzandi shartnoma asosida o‘qisa, barchasiga kredit berilarmikan” kabi savollar o‘ylantirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi "Oliy talim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida talabalarning ta’lim kreditini olish tartibi, asoslari va shartlari belgilangan.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ta’lim tashkilotlari (davlat, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari, mamlakatimizdagi xorijiy OTMlar va ularning filiallari)da va qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kreditlar ajratish va ularni qaytarish tartibi joriy etilgan.

Ta’lim krediti tijorat banklari tomonidan ham amalga oshiriladi. Bu imkoniyat O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalar uchun bo‘lib, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari ta’lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishi mumkin.

Ta’lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugaganidan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Bunda, ta’lim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va to‘lash oliy ta’lim tashkilotiga mablag‘lar o‘tkazilgan sanadan boshlab, asosiy qarzni qaytarish esa kredit oluvchi tomonidan oliy ta’lim tashkilotida ta’limning ushbu turi bo‘yicha o‘qishning rasmiy belgilangan muddati tugallanganidan so‘ng yettinchi oydan boshlab amalga oshiriladi.

Ta’lim krediti ajratishda bir qator cheklovlar ham bor bo‘lib, ular quyidagilar: chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan, tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan tashqari boshqa manbalar hisobidan beriladigan ta’lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bundan tashqari, oliy ta’lim tashkilotida tahsil olish maqsadida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun ta’lim krediti ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!