Tadqiqotchilar alkogolizmga moyillik bilan kurashishning yangi usulini o‘ylab topishdi
Skripps institutida (The Scripps Research Institute) faoliyat olib boruvchi amerikalik tadqiqotchilar Olivye Jorj va Jordano de Gulyelmo alkogolizm bilan kurashishning yangi qiziqarli usulini o‘ylab topishdi. Ularning tadqiqotiga ko‘ra, miya neyronlarining zararli odatlarga mas’ul bir qismini shunchaki "o‘chirib qo‘yish" mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, alkogolizm - bu muntazam yoki vaqti-vaqti bilan spirtli ichimliklarni iste’mol qilish. Spirtli ichimliklar iste’moli unga qaramlikni keltirib chiqaradi va bu odamlarni (hattoki o‘zlari istamasalar ham) qayta-qayta ana shunday ichimliklarni ichishga majbur qiladi.
Tadqiqot mualliflari insonni bunday salbiy odatdan xalos qilish yo‘lini o‘ylab topishdi. Kalamushlarda o‘tkazilgan tajribalar ularning usuli ijobiy natija berishini isbotladi.
Olivye Jorj va Jordano de Gulyelmo inson qanchalik ko‘p ichsa, muayyan neyronlar shuncha tez ishlashini aniqlashdi. Bu esa har safar spirtli ichimlik iste’mol qilganda "yoqiladigan" ketma-ketlikni hosil qiladi va endorfin ishlab chiqarishga sabab bo‘ladi. Soddalashtirilgan variantda quyidagicha: "ichdi - rohat oldi" reflektor yoyiga o‘xshash nimadir paydo bo‘ladi.
Olimlar izlanishlari davomida qandaydir yo‘l bilan muayyan neyronlarga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini aniqlashga urinib ko‘rishdi. Ular spirtli ichimliklarga moyilligi bo‘lgan kalamushlarda tadqiqot o‘tkazishdi. Birinchi navbatda tadqiqotchilar spirtli ichimliklar iste’moli natijasida hosil bo‘luvchi faol neyronlar uchun marker sifatida xizmat qiluvchi maxsus oqsilni ajratib olishdi. Keyinchalik bu oqsil asosida qaramlik mexanizmi shakllanishida ishtirok etuvchi faqatgina 5 foiz neyronlarga ta’sir o‘tkazishi kerak bo‘lgan dori vositasi yaratildi. Bu dori vositasi yordamida spirtli ichimliklarga moyilligi bo‘lgan kalamushlarga ta’sir o‘tkazildi. Tajriba muvaffaqiyatli yakunlandi. Doktor Olivye Jorjning aytishicha, tajriba davomida kalamushlar spirtli ichimliklarka qaramligini butkul unutishgan.
Shuni ta’kidlash joizki, kemiruvchilarning miyasiga kimyoviy birikmalar orqali ta’sir ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, kalamushlar oddiy suv ichish, ovqatlanishda davom etishgan, spirtli ichimliklarga esa qiziqmay qo‘yishgan.
Hozirgi vaqtda olimlar yangi usulni primatlarda, keyin esa odamlarda sinashni rejalashtirishmoqda.
Manba: sof.uz