AQSh va Ukraina delegasiyalari Mayamidagi muzokaralarni yakunladi
AQSh va Ukraina delegasiyalari o‘rtasida Mayami shahrida o‘tkazilgan uchrashuv o‘z nihoyasiga yetdi.
Uchrashuvda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi. Ukraina tarafidan esa Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda Bosh shtab rahbari Andrey Gnatov qatnashdi. Uchrashuv natijalariga oid batafsil ma’lumotlar, hozircha oshkor etilmagan.
Mayamidagi muhokamalar Uitkoff va Kushnerning Moskvaga qilgan tashrifidan uch kun o‘tgach tashkil etildi. 2 dekabr kuni ular Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan besh soatlik muzokara o‘tkazgan edi. Ushbu muzokaralarda AQShning Ukraina bilan kelishilgan yangi tahrirdagi tinchlik rejasi muhokama qilingan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov bu haqda muzokara yakunida umumiy murosaga kelinmagani, biroq ayrim AQSh takliflari «ma’qul jihatlarga ega» ekanini bildirgandi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa muzokaralardagi eng murakkab masala — Rossiya bosib olgan hududlarning taqdiri ekanini ta’kidlab kelmoqda.
Uning aytishicha, Kiyev Donbasstan qo‘shinlarni chiqarish haqidagi Moskva talabini qabul qilmaydi hamda AQSh tomonidan taklif qilinayotgan noaniq xavfsizlik kafolatlarini ham qoniqarli deb hisoblamaydi.
Ushakov esa Moskvada olingan hujjatlarning mazmunini oshkor qilmadi, biroq ular «uzoq muddatli tinchlik yechimi»ga qaratilganini ta’kidladi.
Donald Tramp Uitkoff va Kushnerning Moskva safaridan olingan hisobotni «juda yaxshi» deb baholagan bo‘lsa-da, aniq natijalarga hanuz erta ekanini aytdi.
Mayamidagi yig‘ilish – AQSH, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi bir necha kunlik intensiv diplomatik marafonning navbatdagi bosqichi bo‘lib, hozircha taraflar o‘rtasida aniq kelishuv yo‘q. Tinchlik rejasining asosiy punktlari bo‘yicha keskin farqlar saqlanib qolmoqda va hududiy masala muzokaralarning eng katta to‘sig‘i bo‘lib turibdi.
Shu bilan birga, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi bevosita muloqot qayta faollashayotgani xalqaro diplomatiyada yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatmoqda.
