Tadqiqot: Odamlar yangiliklarga qiziqishni yo‘qotmoqda

Tadqiqot: Odamlar yangiliklarga qiziqishni yo‘qotmoqda

Dunyo bo‘ylab odamlar yangiliklarni tomosha qilishdan zerikish va tushkunlikdan tobora ko‘proq shikoyat qilmoqda. Tadqiqot mualliflarining fikricha, bunga pandemiya, Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlar sabab bo‘lishi mumkin.

Dunyo bo‘ylab tobora ko‘proq odamlar yangiliklar bilan tanishishdan voz kechib, zerikish va tushkunlikdan shikoyat qilmoqda. Bu haqda dushanba, 17 iyun kuni e’lon qilingan Oksford universiteti Jurnalistikani o‘rganish Reyter instituti (Reuters Institute for the Study of Journalism)ning Digital News Report 2024 hisobotida aytilgan.

Yanvar-fevral oylarida 47 ta davlatda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning o‘n nafardan to‘rt nafari (39 foiz) yangiliklarni tomosha qilishdan tiyilishini bildirgan. Bu 2017 yilga nisbatan 10 foizga ko‘pdir. Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, odamlarning yangiliklar kun tartibidan uzoqlashish istagi Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Hisobotda aytilishicha, odamlarning yangiliklardan qochish istagi eng yuqori darajaga yetgan. Bir qator mamlakatlarda, jumladan, AQShda saylov jarayonlari yangiliklarga qiziqishni oshirdi, biroq umumiy pasayish tendensiyasi barqarorligicha qolmoqda. 2017 yildan buyon dunyo miqyosida yangiliklarni juda yaqindan kuzatib boruvchi odamlar ulushi 63 foizdan 47 foizga kamaydi. Britaniyada 2015 yildan beri yangiliklarga qiziqish deyarli ikki barobar kamaydi.

Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarni afzal ko‘ryapti

«Shubhasiz, so‘nggi yillarda yangiliklar kun tartibi ayniqsa murakkablashdi. Pandemiya bo‘ldi, urushlar, shuning uchun odamlar ruhiy sog‘lig‘ini himoya qilish uchunmi yoki shunchaki o‘z hayotini davom ettirish uchunmi, yangilikdan bosh tortishi juda tabiiy reaksiya», dedi VVS media-kompaniyasiga bergan intervyusida hisobot mualliflaridan biri Nik Nyuman.

So‘nggi o‘n yil ichida televideniye va bosma nashrlar kabi an’anaviy axborot manbalarining auditoriyasi keskin kamaydi. Yoshlar yangiliklarni internet yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bilishni afzal ko‘radi. Britaniyada so‘ralganlarning deyarli to‘rtdan uch qismi (73 foiz) yangiliklarni onlayn, 50 foizi televideniye va atigi 14 foizi bosma ommaviy axborot vositalaridan olishini aytdi.

TikTok mashhurligi

So‘nggi paytlarda mashhurligi pasayib borayotgan bo‘lsa-da, yangiliklar uchun eng muhim ijtimoiy platforma Facebook bo‘lib qolmoqda. YouTube va WhatsApp ham muhim yangiliklar manbalari bo‘lib turibdi. TikTok mashhurligi esa o‘sib bormoqda va ommaboplik bo‘yicha birinchi marta X (sobiq Twitter)ni ortda qoldirdi. Dunyo bo‘ylab 18-24 yoshlilar orasida TikTok ko‘rsatkichi bundan ham yuqori - 23 foiz.

Hisobot mualliflari qayd etishicha, video-format internetda, ayniqsa, yoshlar orasida tobora muhim yangiliklar manbasiga aylanib bormoqda. Shu bilan birga, yangiliklar qisqa videolari tobora jozibali ko‘rinyapti - TikTok ham shunday yo‘nalishni afzal ko‘radi.

«Foydalanuvchilar videoni tanlaydi, chunki undan foydalanish oson hamda tegishli va qiziqarli kontentning keng doirasini taqdim etadi», deb tushuntirdi Nik Nyuman.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!