Suv tanqisligi: muammo va yechimlar

Suv — hayot manbai. Uning qiymati dunyo globallashuvi jarayonida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Zero, suvsiz hayot yo‘q. Suv tiriklik evolyusiyasiga ham, atrof-muhit, iqlim o‘zgarishlariga ham million yillardan buyon beqiyos ta’sir ko‘rsatib kelayotgan obi hayotdir. Shunday ekan, insoniyat uni ko‘z qorachig‘idek asrashi shart.
Qayd etish joiz, hozirgi paytda suvga bo‘lgan talab va ehtiyoj har qachongidan tobora ortib bormoqda. Natijada butun dunyoda suv tanqisligi kuzatilyapti. Ushbu dolzarb masala Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha suv resurslari Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Boshqa tomondan esa, aholining o‘sishi hisobiga, O‘zbekistonda 2030 yilga borib, suvga bo‘lgan talab 7 mlrd. kub metrga yetishi, 2050 yilga borib esa, bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi mumkin.
Shularni inobatga olib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish tubdan isloh qilinmoqda. Asosiy masala — suvdan oqilona va samarali foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan. Binobarin, Prezidentimizning saylovoldi dasturida ham suv resurslarini tejashga alohida e’tibor berilib, 2030 yilga qadar respublikamizdagi sug‘orma dehqonchilik qilinadigan barcha ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazish, sohaga bozor mexanizmlarini keng tatbiq etish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan fermer va dehqonlar uchun rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada ko‘paytirish choralari ko‘rilishi belgilandi.
Jumladan, 2017 — 2023 yillarda jami 1,2 mln. gektar maydonda, ya’ni qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining qariyb 31 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Bu tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret sug‘orish, egiluvchan quvur, plyonka to‘shab sug‘orish kabi texnologiyalarni o‘z ichiga oladi, ushbu yillarda 630 ming gektar yer lazerli tekislandi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan yanada samarali foydalanish maqsadida aniq chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Chunonchi, 2019 yildan mamlakatimizda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim — subsidiya ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. 2022 yildan boshlab esa ushbu tizim raqamlashtirildi.
Albatta, bu borada amalga oshirilgan vazifalar kelgusida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan maydonlar ko‘lamini sezilarli darajada oshishiga imkon beradi.
Ta’kidlash kerak, bugun barcha jabhada bo‘lgani kabi, suv xo‘jaligi sohasiga ham raqamli texnologiyalarni joriy qilishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 5479 ta “Aqlli suv”, nasos stansiyalariga 1446 ta onlayn nazorat qurilmalari, shuningdek, meliorativ kuzatuv quduqlariga minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qiluvchi 5055 ta “Dayver” qurilmalari o‘rnatildi, 45 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarining boshqaruv jarayoni avtomatlashtirildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 3 mlrd. kub metr suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 400 ming gektar maydonda suv ta’minoti yaxshilandi. Suvni boshqarish jarayonini avtomatlashtirish orqali yo‘qotishlar 10 foizgacha kamaytirildi.
Bundan tashqari, bugungi kunda respublikamizda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining uskunalari va butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 50 dan ortiqni tashkil etib, mazkur texnologiyalarni mahalliylashtirish 80 foizga yetkazildi. Aytish kerak, ushbu texnologiyalar qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxi arzonlashdi. Shu bilan birga, uskunalarni qo‘shni respublikalarga eksport qilish imkoniyati yaratildi.
Yana bir muhim e’tirof — O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinda ekani, shak-shubhasiz, quvonarli. Buni tizim faoliyatini yanada isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning samarali ijrosi natijasi, deyish mumkin.
Hozirgi vaqtda mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi oldiga muhim vazifalar qo‘yildi. 2030 yilgacha sug‘oriladigan ekin maydonlarini to‘liq suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olish ana shular jumlasidandir. Aytish joiz, mamlakatimiz iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga asoslangan, hududimiz, aholining katta qismi shu bilan band. Demak, qishloq xo‘jaligida suv iste’molini bir foizga kamaytirish millionlab tonna suvni tejab qolish va uni aholi ehtiyojlariga yo‘naltirish imkonini yaratadi.
Muxtasar aytganda, suv tanqisligi — global muammo. Bunday sharoitda dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham suv resurslaridan oqilona foydalanishga oid muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Zero, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish nafaqat suv sarfini kamaytirish imkonini beradi, balki yashil iqtisodiyotga o‘tishning muhim elementiga aylanadi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini kafolatlaydi.
Baxitbay ALDAMURATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.