Sudlanuvchining otasi o‘g‘liga nisbatan tayinlangan jazodan rozimi?

Sudlanuvchining otasi o‘g‘liga nisbatan tayinlangan jazodan rozimi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining ochiq sud majlisida 1988 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi 2020 yilning avgustidan “Chilonzortumangaz ta’minoti bo‘limi”ning buyrug‘iga ko‘ra, “Inspektorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish” xizmati inspektori lavozimida ishlab kelgan. U xizmat mavqeidan foydalangan holda, firibgarlik, ya’ni aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida o‘ziga biriktirilgan Chilonzor tumani “Tirsakobod” mahallasida gazdan foydalanish nazoratini olib borib, shu mahallaning “Shosh” ko‘chasidagi uyga boradi. Ushbu xonadon egasidan gaz to‘lovi uchun 3 100 000 so‘mni olib, ishonchni suiiste’mol qilib, uni aldab olingan pullarni davlat hisobiga tushirmasdan firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Sudlanuvchi jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana bir fuqarodan gaz to‘lovi uchun 4 000 000 so‘m pullarini oladi. Uchinchi bor esa boshqa bir xonadon egasidan gaz to‘lovi uchun 3 048 000 so‘mni olib, aldab olingan pullarni 1 048 000 so‘mini kirim qilib, qolgan 2 000 000 so‘m pullarni davlat hisobiga tushirmaydi.

Yana bir holatda gaz to‘lovi uchun 1 100 000 so‘mni hamda narxi 2 600 000 so‘m bo‘lgan gaz hisoblagich uskunasini firibgarlik yo‘li bilan olgan.

So‘nggi bor bir fuqaroga gaz to‘lovi uchun 1 567 000 so‘m qarzdorligi borligini aytib, undan ushbu qarzdorlikni so‘ndirish va oldindan to‘lov sifatida 2 000 000 so‘mni oladi va pullarni davlat hisobiga topshirmaydi.

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismining “b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. JKning 62-moddasiga asosan uning qamoqda saqlangan har bir kunini (66 kun) ahloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirib, ya’ni 6 oy 18 kun ahloq tuzatish ishlari jazosi o‘talgan deb hisoblab, o‘tash uchun uzil-kesil 1 yil 5 oy 12 kun ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Axloq tuzatish ishlari jazosi mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan joylarda o‘tattirish belgilandi.

Sudlanuvchiga qo‘llanilgan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan darhol qamoqdan ozod qilindi.

Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararning 2 600 000 so‘mini dastlabki tergov davomida jabrlanuvchiga qaytarib berilganligi inobatga olindi.

Etkazilgan moddiy zararni qoplash maqsadida sudlanuvchining qarindoshi tomonidan Toshkent shahar IIBB MB depozit hisob raqamiga kvitansiyaga asosan topshirilgan 12 200 000 so‘mdan 5 nafar jabrlanuvchilarga o‘tkazib berilishi belgilandi.

Cudlanuvchining otasi o‘g‘lining sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazodan roziligini aytib, sudga o‘z minnatdorligini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!