Sud-huquq islohotlari inson manfaatlariga xizmat qiladi

Sud-huquq islohotlari inson manfaatlariga xizmat qiladi

Mamlakatimizda barcha sohalar kabi sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning 2016 yil  21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari asosida 2017 yil 1 iyundan O‘zbekiston sud tizimida ma’muriy sudlar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksini tasdiqlash haqida” gi Qonuni bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi Kodeksi tasdiqlandi hamda 2018 yil 1 apreldan jamiyat hayotiga tatbiq etildi. Mazkur Kodeksning 27-moddasida ma’muriy sud tomonidan hal etiladigan ishlar ro‘yxati aniqlashtirilib, unga ko‘ra ma’muriy sudlar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolarni, davlat boshqaruvi, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshiruvchi, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, saylov komissiyasi, notarial va FXDYo organlari, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha nizolashish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish yoki belgilangan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan bo‘yin tovlash ustidan shikoyatlarni, shuningdek qonun bilan vakolatiga kiritilgan boshqa nizolarni hal qilishi belgilandi.

Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda holis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish masalalari alohida ta’kidlab o‘tildi.     

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi PF-6034 sonli “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmonida belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq ta’minlash sud-huquq sohasi rivojining asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan boshlab sud tizimiga “bir sud - bir instansiya” tamoyilini joriy etish va shu bilan bog‘liq sud tizimida bir qator tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish belgilandi.

Shu jumladan:

- sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish;

- tuman sudlarining qarorlarini viloyat sudlari tomonidan, viloyat sudlarining birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oliy sudning sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida ko‘rib chiqish;

- apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sud sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida ko‘rib chiqish;

- Oliy sud sudlov hay’atlari tomonidan kassasiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sudi raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlarining protestiga ko‘ra kassasiya tartibida takroran ko‘rib chiqish tartibi joriy etilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Mazkur qoidalar shaxslarga qulaylik yaratish va ular ovoragarchiligining oldini olish maqsadida belgilangan bo‘lib, shuning o‘ziyoq farmonning naqadar xalqchilligini, unda shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish birinchi o‘ringa qo‘yilganini anglatadi.            

Endilikda tuman (shahar) ma’muriy sudlari o‘rnida tumanlararo ma’muriy sudlar tashkil etiladi hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi. Bu, o‘z navbatida, ma’muriy sudlarning muayyan tumandagi mahalliy hokimiyat organlarining turli tazyiqlaridan xoli va mustaqil faoliyat yuritishi, ya’ni fuqarolar va tadbirkorlarni davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan sud orqali himoyalash uchun yanada qulay sharoit yaratadi.

Ma’lumki, ma’muriy sudlar faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, ularning noqonuniy qarorlarini haqiqiy emas deb topish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini o‘z vaqtida va samarali tiklashga qaratilgan.        

Mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasi islohotlari doirasida ommaviy huquqiy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan ma’muriy sudlarga o‘z tabiatiga ko‘ra jinoyat ishlariga o‘xshagan, prosessual jihatdan deyarli bir xil tartibda hal etiladigan hamda ishni ko‘rib chiqish yakkuniga ko‘ra aybdorlarga jazo qo‘llaniladigan  ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rish yuklatilgan edi.

Ushbu holat tuman (shahar) ma’muriy sudlarining ish yuklamasi ortishiga, ushbu sudlarda bir biriga o‘xshash bo‘lmagan ishlarning bir sudda ko‘rib chiqilishiga, ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni har tomonlama va to‘la muhokama qilish uchun yetarlicha vaqt ajratilmasligiga sabab bo‘layotgandi.

Shuningdek, farmonda ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar inobatga olingan holda, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarni tashkil etish, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarini umumiy yurisdiksiya sudlaridan alohida holda saqlab qolish ko‘rsatib o‘tildi.    

Yuqorida qayd etilgan me’yorlar ma’muriy sudlarning kelgusida ijro etuvchi hokimiyat va boshqa organlardan to‘la mustaqil faoliyat yuritishiga, ushbu sudlarda nisbatan tajribali va malakali sudyalar faoliyat olib borishiga, natijada ma’muriy sudlarning faoliyati samaradorligi ta’minlashga xizmat qiladi. 

Mirzohid Xaydarov 

Sirdaryo viloyat ma’muriy  sudining sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!