SSV: Xatirchi tumanida yangi gemodializ markazi foydalanishga topshirildi

SSV: Xatirchi tumanida yangi gemodializ markazi foydalanishga topshirildi

Yurtimiz sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha yangilanishlar xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashayotgan aholi salomatligini asrash, surunkali xastaliklarga chalingan bemorlarni ixtisoslashgan tibbiy xizmat bilan qamrab olishga jiddiy e’tibor berilyapti.

Bugun Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov xizmat safari bilan Navoiy viloyatida bo‘lib, hududda yangidan barpo etilgan tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdi.

Vazir dastlab viloyat hokimi Normat Tursunov hamrohligida Xatirchi tumanida bunyod etilgan Gemodializ markazi filialining ochilishida ishtirok etib, bu yerda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Ta’kidlash lozimki, ayni paytda viloyatda 98 nafar gemodializga muhtoj bemorlar bo‘lib, bugungacha ularga 3 ta — Navoiy, Zarafshon shaharlari va Qiziltepa tumanidagi markazlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Sharoit yo‘qligi bois Xatirchi tumanidagi 16 nafar bemor 80 km. yo‘l bosib, muolajalarni Navoiy shahrida olishiga to‘g‘ri kelgan.

Endilikda bunga hojat qolmadi. Tumanda yangi gemodializ markazi filialining foydalanishga topshirilishi hududda yashovchi bemorlarning uzog‘ini yaqin qilib, turli ovorgarchiliklarga chek qo‘ydi.

Buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu markaz 1,2 mlrd. so‘m qiymatidagi 3 ta gemodializ apparati, suv tozalash uskunasi va mikser bilan jihozlandi.

Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan filial binosini ta’mirlash uchun 500 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, 2018 yilgacha viloyatda dializ filtrlari 4-5 marta ishlatilib, seanslar 1,5-2 soat davom etgan. Ba’zan esa navbatlar tungi paytlarga ham to‘g‘ri kelgan.

Bugunga kelib, hududda tasdiqlangan standart asosida bemorlarning to‘liq 4 soat davomida muolaja olishiga imkon yaratildi. Qolaversa, gemodializga muhtoj aholi 7 turdagi dori vositalari — V guruh (V1,V6, V12) va S vitaminlari, temir, eritropoetin preparatlari, oqsil moddalari hamda aminokislotalar, geparin) bilan bepul ta’minlanmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!