SSV: Shu yil iyun oyida "O‘zbekiston — Rossiya" tibbiyot forumi o‘tkaziladi

SSV: Shu yil iyun oyida "O‘zbekiston — Rossiya" tibbiyot forumi o‘tkaziladi

Avval xabar qilganimizdek, shu kunlarda O‘zbekiston Cog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegasiya Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib turibdi.

Xususan, safarning ikkinchi kuni vakillarimiz Rossiya Federasiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko bilan uchrashdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasida tibbiyot sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

M. Murashko delegasiyamiz a’zolarini Rossiyaga tashrifi, xususan, “Sog‘lom jamiyat” forumidagi ishtiroki bilan qutlar ekan, strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanishi tibbiyot sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengayishiga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Shuningdek, 2019/2020 o‘quv yilidan O‘zbekistonning 9 ta tibbiyot oliy o‘quv yurti bilan Rossiyaning 12 ta tibbiy oliy ta’lim muassasasi hamkorligida qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 6 ta bakalavriat yo‘nalishi, 2 ta magistratura va 11 ta klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanayotgani alohida qayd etildi

Ikki mamlakat tibbiyot olimlari va mutaxassislari tomonidan qo‘shma ilmiy-ma’rifiy tadbirlar, mahorat darslari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, 2020-2022 yillarda Rossiya Federasiyasining yetakchi klinika va tibbiyot markazlari va ta’lim muassasalarida 500 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasi oshirilib, qayta tayyorlangani amaliy natijalarini bermoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan ko‘mak, shu jumladan aholini emlash doirasida amalga oshirilayotgan samarali hamkorlik, qolaversa, mamlakatimizda onkogematologiya xizmatini yanada rivojlantirish yo‘lidagi tashabbusi uchun rossiyalik hamkasbiga alohida minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda tomonlar yangi qo‘shma ta’lim dasturlarini ro‘yobga chiqarish, kadrlar malakasini oshirish, pediatriya, onkologiya, gematologiya, onkogematologiya, xirurgiya, transplantologiya yo‘nalishlari bo‘yicha Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, maqsadli doktorantura va aspiranturani yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

O‘z navbatida, farmasevtika sohasini rivojlantirish, arzon va sifatli dori-darmonlar ishlab chiqarish, bolalarda suyak iligi transplantasiyasini joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Yakunda shu yil iyun oyida mamlakatimizda "O‘zbekiston — Rossiya" tibbiyot forumining o‘tkazilishi belgilandi. Mazkur forum doirasida sog‘liqni saqlash bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!