SSV: Budapeshtda Vengriya – O‘zbekiston xalqaro tibbiyot forumi o‘tkaziladi

SSV: Budapeshtda Vengriya – O‘zbekiston xalqaro tibbiyot forumi o‘tkaziladi

Avval xabar berganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi delegasiyasi Shveysariyaning Jeneva shahrida Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida ishtirok etyapti.

Ushbu tashrif doirasida vazir Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegasiyamiz bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazib, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun ahamiyatli bo‘lgan masalalarni muhokama qilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri bugun Vengriya Respublikasi delegasiyasi bilan bo‘lib o‘tdi.

Ushbu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan o‘tgan muzokaralar chog‘ida qator muhim ahdlashuvlar, birgalikda ikki mamlakat tibbiyoti uchun manfaatli bo‘lgan takliflar o‘rtaga tashlandi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, vengriyalik mutaxassislarning murakkab kasalliklarni davolashdagi yutuqlari hamda ushbu mamlakat shifoxonalarining zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangani mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini Yevropa Ittifoqida ilg‘or darajaga ko‘tardi.

Samarali sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, har kim sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish ikki mamlakat tibbiyotining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.

Davlatlarimiz tibbiyot xodimlarini o‘qitish, tajriba va texnologiyalar almashinuvi, yangi dori vositalari va tibbiy asbob-uskunalarni birgalikda yaratish kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollariga ega.

Shundan kelib chiqib, uchrashuv davomida tibbiyot va farmasevtika yo‘nalishlarida O‘zbekistonda Debresen universitetining filialini ochish masalasi muhokama qilindi.

❗️Shuningdek, o‘zaro muloqot chog‘ida O‘zbekistonda vengriyalik farmkompaniyalar ishtirokida dori-darmonlar ishlab chiqarish bo‘yicha ham qator masalalar ko‘rib chiqildi.

Muloqot yakunida vazirlar Budapeshtda Vengriya-O‘zbekiston tibbiyot forumini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!