Sovuq kunlarda qanday ovqatlanish zarur?
🌨 Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab havo harorati sezilarli darajada pasaygan. Bunday sharoitda tetik va sog‘lom yurish uchun ovqatlanish rasioniga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
⬇️ Tibbiyot fanlari doktori Ilhom Otajonov bu borada yurtdoshlarimizga quyidagi tavsiyalarni berdi:
🫕 — Sovuq kunlarda tanaga issiqlik baxsh etuvchi taomlar iste’mol qilish foydali. Chunki bunday havoda organizm o‘zini o‘zi isitishi uchun juda ko‘p energiya sarflaydi.
📌 Natijada tanamiz ko‘proq vitamin va minerallar, ayniqsa, oqsil moddasini talab qiladi. O‘z navbatida, uning tarkibidagi aminokislotalar immunitetni mustahkamlab, mikroblarga qarshi kurashda yordam beradi. Bu esa o‘tkir respirator virusli infeksiyalar keng tarqalgan hozirgi mavsumda ayni muddaodir.
🍱 Tarkibida issiqlik saqlovchi yeguliklarga grechka va jo‘xori yormalari, piyoz, sarimsoqpiyoz, yerqalampir, qalampir, zira, turshak, mayiz, baliq, qo‘y, mol, tovuq go‘shti, sut mahsulotlari, zanjabil choyi, arpabodiyon choyi va qahva kabi mahsulotlar kiradi.
🍽 Nutrisiologlar vazn tashlash uchun qishda parhezdan foydalanishni tavsiya etmaydi. Aksincha, aynan shu vaqtda organizm dam olishi va kuch yig‘ishi kerak.
🌶 Sovuq mavsumda qizil va qora qalampir, zanjabil, dolchin kabi issiq ziravorlardan foydalanish tavsiya etiladi. Ularning tarkibidagi qizdiruvchi moddalar ovqat hazm qilish tizimining reseptorlarini qo‘zg‘ab, qonni tomirlar bo‘ylab tezroq aylanishi va issiqlikni ta’minlaydi.
🍗 Qishda kam miqdorda yog‘li go‘sht iste’mol qilib turish ham zarar qilmaydi. Unda sovuqqa qarshi turish uchun zarur bo‘lgan arxidon kislotasi mavjud. Vitaminlarga boy mol, qo‘y jigari qishda A vitamini manbai sifatida organizm uchun zarur bo‘ladi.
🍝 Xamirli ovqatlar ham tanani isitish uchun xizmat qiladi. Bunday taomlar qish uchun juda mos keladi.
🍲 Issiq, to‘yimli ovqat iste’mol qilish qishning sovuq kunlarida odamlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, tovuqli sho‘rva organizmda proteinning kerakli darajasini saqlab qolish uchun muhim taomdir.
☕️ Shakar iste’molini cheklash salomatlik uchun ahamiyatli. Issiq va achchiq qahva organizmga undan ko‘ra ko‘proq tetiklik bag‘ishlaydi.