Sitrus mevalar, keshyu yong‘og‘i va xurmo importining oshishidagi muhim omillar

Sitrus mevalar, keshyu yong‘og‘i va xurmo importining oshishidagi muhim omillar

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2018-2022 yillarda sitrus mevalar (kivi, mandarin, apelsin), keshyu yong‘og‘i va xurmo importini tahlil qildi.

2022-yilda O‘zbekistonga sitrus mevalar, keshyu yong‘og‘i va xurmo importi 2018-yildagiga qaraganda sezilarli darajada oshgan. Bunga bir qancha omillar sabab bo‘lgan.

Respublika iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va aholi sonining ortishi. 2018-2022 yillarda yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha o‘sish sur’ati 5,3 foizni, aholi sonining o‘sish sur’ati esa 1,9 foizni tashkil etdi.

Qulay makroiqtisodiy sharoit. Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 2018-yildagi 1604 AQSh dollaridan 2022-yilda 2255 AQSh dollariga ko‘tarildi. Bu ham 2018-2022 yillarda aholi real umumiy daromadlarining 32,1 foiz oshishiga zamin yaratdi.

Import bojxona to‘lovlarini nolga tushirish. Jumladan, 2021-yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekistonda sitrus mevalarni olib kirishda nol bojxona stavkasi tartibi joriy qilindi va bu muddat bir necha bor uzaytirildi. Ayni chog‘da nolga teng stavka 2024-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi.

Oziq-ovqat chakana savdosini rivojlantirish. Marketing tadqiqotlariga ko‘ra, 2015–2021 yillarda respublikaning zamonaviy chakana savdo bozori yiliga o‘rtacha 17 foizga o‘sgan. Savdo hajmining 58 foizdan ortig‘i chakana oziq-ovqat savdosining ulushiga to‘g‘ri kelgan. 2026-yilga borib, O‘zbekiston bozoridagi zamonaviy chakana savdoning ulushi deyarli ikki barobar oshishi mumkin.

2022-yilda sitrus mevalar va yong‘oqlar importi hajmi 2018-yildagiga nisbatan quyidagicha oshgan:

Keshyu yong‘og‘i - 8,2 barobar;

Xurmo - 7,6 barobar;

Mandarin - 6,6 barobar;

Kivi - 4,7 barobar;

Apelsin - 3,9 barobar.

➖ Garvard universiteti Jamoatchilik sog‘ligini saqlash maktabi tadqiqotiga ko‘ra, sitrus mevalar salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga ega. Jumladan, ularning tarkibida S vitamini, shuningdek, yurak - qon-tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va surunkali yurak va qon-tomir kasalliklarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi flavonoidlar katta miqdorda mavjud.

➖ Keshyu yong‘og‘i mis va magniyga boy bo‘lib, suyak mustahkamligini oshiradi.

➖ Xurmo tarkibida ko‘p miqdorda polifenollar (antioksidantning bir turi) mavjud bo‘lib, ular tanani saratonning ayrim turlaridan, shuningdek, diabet va yurak - qon-tomir kasalliklaridan himoya qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!