Sirdaryoda o‘z farzandini pullagan ona va uning sherigi sudlandi
Ko‘pincha odam savdosi haqida gap ketganda biz insonlarni chet el yurtlariga turli maqsadlarda sotib yuborgan kimsalarni ko‘z oldimizga keltiramiz, biroq oramizda o‘z farzandini-go‘daklarni sotishdan tiylmagan kishilar ham uchrayotganligi juda achinarli hol.
Guliston shahrida tug‘ilgan S.Islomova tengdosh dugonalari kabi oydek kelin bo‘lish o‘rniga yengil hayotni ustun qo‘ydi. Buning oqibatida, ota-ona ham uning yurish-turishini o‘z nazoratidan chiqarib yuborishdi. Uyidan chiqib ketib, ko‘cha-kuyda yigitlar bilan ishqiy munosabatlarga kirishib ketdi, tabiyki u homilador bo‘lib qoldi, shunda u tanishi SH.Nurmatova bilan o‘zaro oldindan til biriktirib, bo‘lajak tug‘iladigan farzandini sotishni rejalashtirdi.
Kelishuvga ko‘ra, SH.Nurmatova homilador S.Islomovani shifokorlarga ko‘rsatishi, shifoxonaga joylashtirishi, chaqaloq sotib oluvchi xaridorlarni izlab topishi, S.Islomova esa homiladorligini oila a’zolaridan sir tutib, chaqaloqni tuqqanidan so‘ng SH.Nurmatova bilan birgalikda xaridorga sotishlari lozim bo‘lgan.
2020 yil 8 noyabr kuni SH.Nurmatova Xovos shaharchasida maxsus xaridor Z.S. bilan uchrashib, S.Islomovaning 2020 yil 5 noyabr kuni tug‘ilgan tug‘ilgan farzandi K.I.ni 20.000 AQSh dollariga sotishga kelishgan.
2020 yil 9 noyabr kuni soat 20:30 da Xovos tumani Gulbahor mahallasida tug‘uruq kompleksi oldida Z.S.ni arizasi asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining tezkor tadbirida 2020 yil 5 noyabr kuni tug‘ilgan K.I.ni ojiz ahvoldaligini, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligini bila turib maxsus xaridor Z.S.ga 20.000 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida S.Islomova va SH.Nurmatova ushlanganib, 20.000 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi.
Sud majlisida S.Islomova va SH.Nurmatova qilmishidan pushaymonligini bildirib, qonuniy yengillik so‘radi, sud barcha holatlarni inobatga olib, SH.Nurmatovaga 4 yil 1 oy, S.Islomovaga 4 yil ozodlikdan mahrum qilishi jazosini tayinladi va odam savdosi qurboni bo‘lgan go‘dak vasiylik organlariga topshirildi.
Baxtiyor Mamadaminov,
Sirdaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi