Singapur tajribasi asosida O‘zbekistonda «Aqqli shahar» quriladi

A A A
Singapur tajribasi asosida O‘zbekistonda «Aqqli shahar» quriladi

O‘zbekiston investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Singapur mehnat resurslari vaziri, savdo va sanoat ikkinchi vaziri Tan Si Leng bilan uchrashdi.

Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma’lumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida asosiy e’tibor ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga qaratildi.

Xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Singapur tomoni o‘zaro tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish va hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorligini ta’kidladi.

Joriy yilning sentyabr oyida Singapurda «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasini o‘tkazish masalasi kelishib olindi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi sanoat kooperasiyasi salohiyatini ochib berish, qo‘shma investisiya loyihalari portfelini kengaytirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, o‘zaro munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari, jumladan, ta’lim sohasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash imkoniyatlari va Singapur tajribasi asosida O‘zbekistonda «Aqqli shahar» qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!