Shveysariya armiyasi Bosh qo‘mondoni Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborilishi mumkinligini aytdi

"Shveysariya hukumati o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv tuzilganidan so‘ng Ukrainaga tinchlikni saqlash uchun 200 nafargacha tinchlikparvar kuchlarini yuborishi mumkin", deya ma’lum qildi mamlakat armiyasi bosh qo‘mondoni Tomas Zyusli mahalliy SonntagBlick gazetasiga bergan intervyusida.
"Hozirda Shveysariya askarlari Kosovo va Bosniyaga olti oy muddatga jo‘natiladi, agar siyosatchilar buni xohlasa, Ukrainada ham xuddi shunday sxema ishlashi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi harbiy.
Shu bilan birga, Zyuslining fikricha, Ukrainadagi urush tugagan taqdirda ham Rossiyaning Yevropaga tahdid solishda davom etishi va 2027 yilga borib bu o‘z cho‘qqisiga chiqishi mumkin.
"Shu bois, Shveysariya mudofaasini mustahkamlaydi va qo‘shnilari bilan qo‘shma mashg‘ulotlarni davom ettiradi, biroq NATO" ga qo‘shilish niyatida emas. Shveysariya neytral davlat, biz hech qanday ittifoqqa qo‘shilmaymiz", — deya fikr bildirdi qo‘mondon.
Ma’lumot uchun, Shveysariya dunyodagi eng qadimgi neytral davlatdir. Shveysariya 1815 yilda “doimiy betaraflikni” e’lon qilgan va o‘shandan beri mamlakat hech qachon jang qilmagan yoki harbiy ittifoqlarga kirmagan. Shu bilan birga, mamlakatda taxminan 150 ming askardan iborat armiya mavjud bo‘lib, ularning bir qismi Bolqon, Yaqin Sharq va Koreyada tinchlik o‘rnatish operasiyalarida qatnashadi.