Shohruhiya qal’asi
Yalanglik. Do‘nglik. Sukunat. Tubsiz o‘ylovlarga g‘arq bo‘lgancha Shohruhiya qal’asi xarobalari joylashgan manzilda uzoq vaqt turib qolishingiz aniq.
Men ham xayolga shunchalik berilib ketganimdan daryoning shovqin solib oqishini ham ilg‘amay qolibman. Nazarimda, bu kentda o‘tmish bilan kelajak shirin suhbat qurib, diydorlashayotgan mo‘ysafidga juda-juda o‘xshab ketadi.
Toshkent viloyatining so‘lim va bahavo manzillaridan biri hisoblangan Oqqo‘rg‘on tumaniga qarashli Sulton Segizboyev hamda Oqqo‘rg‘on fermer xo‘jaliklari uyushmasi oralig‘ida shiddat va shahd bilan oqayotgan Sirdaryo yaqinida Shohruhiya qal’asi bor. Sohibqiron Amir Temur davrida barpo etilgan ushbu kentning faqat xarobalarigina saqlanib qolgan. Buni qarang, mazkur xarobalarni o‘tgan yillar, qor va yomg‘irlar, xullas, vaqt shiddati beshafqat tarzda yemirgan. Usti qalin tuproq bilan qoplangan tepalik o‘z bag‘rida hali qanchadan-qancha sir-asrorlarni yashirgan ekan-a.
...Tarix qatini titkilasangiz, Mirzo Ulug‘bek 1449 yilning rutubatli kuzida Samarqand yaqinidagi Damashq qishlog‘i yonida o‘g‘li Abdulatifdan mag‘lub bo‘lganini bilib olasiz. Oqpadar, nobakor o‘g‘il uzoq yili hajga borib kelgan Muhammad Xisravga sobiq hukmdorni Makkaga kuzatib borish lozimligini buyuradi. Tez orada yo‘l tadorigi ko‘riladi. Bir qishloqqa yetganida ortidan choparlar yetib oladi. Choparlarning otlari tinimsiz chopganidan zo‘riqib, oq ko‘pikka botgandi. Ular hukmdorga Sirdaryo sohilidagi Shohruhiya qal’asiga borib, yangi amr-farmonni kutib turishi kerakligini uqtiradi. Aytilgan qishloqda hozir bo‘lishadi. O‘tovga kirib joylashishadi. Olov yoqib, sho‘rva osishadi. Mirzo Ulug‘bek o‘choq yonida, sovuq qotgan qo‘llarini o‘t taftiga tutib o‘tirardi. Shu mahal charsillab yonayotgan julg‘undan cho‘g‘ otilib, Ulug‘bekning etagiga tushadi. U epchillik bilan oltoyi po‘stini etagiga tushgan cho‘g‘ni silkitib tashlaydi-da: «Meni kuydirmagan bir sen qoluvding. Endi umrim shami so‘nayotganini sen ham bilding, bemalol o‘chingni olib qol», dedi. Ichki bezovtalik hamda sezgi unga xavf yaqinlashayotganidan ogoh etgandi. Bu o‘lim xavfi edi. Bundan chiqdi, donishmand Shohruhiya qal’asi yulduzlar ilmining beqiyos bilimdoni Ulug‘bek Mirzoning so‘nggi kunlariga guvoh bo‘lgan ekan-da...
Darvoqe, qal’aning katta suvlikka yaqin joyda qurilishi ham bejiz emas. Bunda, albatta, bostirib kelgan yovni osongina mag‘lub etish, chor-atrofni doimo kuzatib turish hamda boshqa qator jihatlar inobatga olingan. Qolaversa, mahalliy aholi orasida:
«Qarg‘alar galasi bu yerni kuniga bir marotaba ziyorat qilib, qal’adan beqiyos kuch va quvvat oladi», degan gaplar hali-hanuzgacha yuradi.
Yana bir rivoyatda aytilishicha, Amir Temur o‘z jigarbandi Shohruh Mirzoga atab daryo bo‘yida shunday qal’a bunyod etadiki, uning dovrug‘i o‘sha kezlari yetti iqlimgacha yetadi. Mazkur inshootning me’moriy geometrik yechimi, tomonlarning nozik, rang-barang turli koshinkor parchinlar bilan bezatilishi, salobat bilan yuqoriga bo‘y cho‘zgan, nafis tashqi va ichki peshtoqlar ko‘rgan ko‘zni quvontiradi.
Qo‘li gul, zahmatkash ota-bobolarimiz tomonidan bunyod etilgan, qadimgi asrlarning noyob va ajoyib yodgorligi bo‘lgan Shohruhiya qal’asini har tomonlama chuqur va sinchkovlik bilan o‘rganish, arxeologik qazish va nazariy tadqiqot ishlarini jadallashtirish lozim. Ana shunda uning qadimgi shon-shuhratini, benazir shavkatini yosh avlodlar teran anglagan bo‘larmidi...
Manba: od-press.uz
