Shifokor bolalarda uchraydigan kamqonlik belgilari haqida ma’lumot berdi

Shifokor bolalarda uchraydigan kamqonlik belgilari haqida ma’lumot berdi

Anemiya — jahon bo‘ylab keng tarqalgan kasalliklardan biri. Xalq orasida bu patologiya kamqonlik ham deb ataladi. JSST hisobotiga ko‘ra, dunyoda ayollarning taxminan 30 foizi, homiladorlarning 37 foizi va olti oylikdan besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 40 foizi shu darddan aziyat chekmoqda.

Xo‘sh, anemiyani qanday omillar keltirib chiqaradi? Kasallik qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi? Xavfli asoratlari bormi? Kamqonlikni qanday davolash mumkin?

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Sherzod Nurinbetovdan ushbu savollarga javob oldik.

— Qon tarkibida temir moddasini o‘z ichiga olgan va unga qizil tus beruvchi murakkab oqsil – gemoglobin moddasi butun tana bo‘ylab kislorod tashish vazifasini bajaradi, — deydi mutaxassis. — Agar gemoglobin yetishmovchiligi kuzatilsa, organizmda kislorod tanqisligi yuzaga keladi. Oqibatda bu holat turli kasalliklarning rivojlanishiga yo‘l ochadi.

Bemorlarda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtaha pasayishi va vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar mo‘rtlashadi. Til yallig‘lanib, og‘iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo‘ladi.

Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, og‘rishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. Anemiya kuchaygani sayin qo‘llar va oyoqlar doimiy muzlaydi. Xastalikning og‘ir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisishi qayd etilishi mumkin.

Kamqonlikka chalingan go‘daklar rivojlanishda ancha ortda qoladi, yuqumli kasalliklarga tez chalinadi.

Ushbu patologiyaning eng ko‘p tarqalgan sabablaridan biri organizmda temir moddasi yetishmovchiligidir. Bu — kundalik iste’mol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning yetishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi kabi omillar bilan bog‘liq.

Shuningdek, chaqaloqlarda kuzatiladigan anemiya homiladorlik davridagi muammolar — qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Erta tug‘ilgan bolalarda ham bu xastalik ko‘p uchraydi.

Kasallikni erta bosqichda aniqlash muhim. Tashxis qo‘yishda, avvalo, pediatr-shifokor ko‘rigidan o‘tish lozim. Qolaversa, gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi ham talab etilishi mumkin.

Anemiyaning yengil shakli temir moddasiga boy taom va mahsulotlar hamda ushbu mikroelementni o‘z ichiga olgan oziq-ovqat qo‘shimchalariga asoslangan maxsus parhez bilan davolanadi.

Kamqonlikning og‘ir shakllarida shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi. O‘z navbatida, tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq, organizmga qon yoki uning elementlarini quyish talab qilinishi mumkin.

Har ikki holatda ham bemorlarga sog‘lom ovqtalanish, ko‘proq toza havoda sayr qilish, jismoniy faol hayot tarzi, uyqu rejimiga qat’iy amal qilish tavsiya etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!