Shayxul Islom Muhammad Taqiy Usmoniy kecha asr namozidan so‘ng suiqasd tafsilotlari haqida gapirib berdilar

Shayxul Islom Muhammad Taqiy Usmoniy kecha asr namozidan so‘ng suiqasd tafsilotlari haqida gapirib berdilar

Muhtaram Ustozimiz Shayxul Islom Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh kecha asr namozidan so‘ng kechagi fojeani tolibi ilmlar huzurida gapirib berdilar:
Odatda jum’a namozini Baytul Mukarram Jome’ masjidida o‘qib beraman. Bugun shu sabab bilan yo‘lda edim. Ayolim va ikki kichik nabiram ham men bilan birga edi.

Mashinani haydovchimiz Habib boshqarayotgandi. Rasmiy qo‘riqchi Foruq old o‘rindiqda o‘tirgandi. To‘satdan ro‘paradan va yon taraflardan o‘qlar yog‘ila boshladi. Haydovchining yelkasiga ikkita o‘q tegdi va yaralandi. Oldda o‘tirgan qo‘riqchining ham boshiga o‘q tegdi, lekin eson omon edi. Shu payt haydovchi mashinani olib qochishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo biroz ilgarilab ketganimizda qotillar o‘z maqsadlari amalga oshmaganini sezib qolishdi shekilli, yana qaytib kelib o‘q yog‘dira boshlashdi. Qo‘riqchiga yana o‘qlar tegdi. Haydovchining ham bir qo‘li o‘q tegib ishdan chiqdi. Men haydovchi Habibga:
- Mashinani endi hayday olmaysan. Sen orqaga o‘t, mashinani men boshqaraman, dedim. Haydovchi javob berdi:
- Hazrat, aslo mumkin emas! Siz mashinadan tushmasligingiz kerak. Ikki marta hujum qilishdi, yana hujum qilishlari mumkin. Biroz quyiroq egilib o‘tiring, hujum qilishsa sizga o‘q tegmasin...

Haydovchi katta jasorat va g‘ayrat bilan mardonavorlik ko‘rsatib yarador holida mashinani bir qo‘li bilan boshqarib voqea sodir bo‘lgan joydan Layoqat kasalxonasiga yetkazib keldi.
Bu hujumda mening tirik qolishim sizlarning duolaringiz va Allohning fazli bilan bo‘ldi. Yo‘qsa moddiy sabablardan hech qanday sabab qolmagandi. Qanday tirik qolganimni bayon qilishdan ojizman.

Shifoxonaga yetib kelib tezda mashinadan tushdim va haydovchini ruldan tushirdim. Qo‘riqchini esa zambilga solib doktorga topshirdim. Lekin doktor:
- Qo‘riqchi yetib kelmasdan oldin jon beribdi, haydovchini davolaymiz, dedi. Ikkinchi mashinamiz orqada kelayotgan edi. U mashinada haydovchi Omir va Jome’aning rasmiy qo‘riqchisi Sanavbar (erkak ismi) bor edi. U mashinaga ham qattiq hujum qilishibdi. Hujum oqibatida mashinadagi qo‘riqchi jon beribdi va haydovchi esa hozir juda og‘ir holatda. Ular uchun duo qilishlaringizni so‘rayman.

Alhamdulillah sog‘ salomatman. Menga hech qanday zarar yetmadi, qo‘rquv va sarosimaga ham tushmadim. Biroq sheriklarimning vafotiga qalbim qattiq yaralandi. Oila a’zolarining g‘amlariga sherikman. Vafot etganlarni Alloh rahmat va mag‘firat aylasin va yaradorlarning haqqiga duo qilingizlar. Alloh ularga tezda komil shifo ato etsin! Amin!

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!