Shaxmat: Afruza Hamdamova jahon chempionati sovrindori bo‘lishga yaqin

Bugun, 7 mart kuni Chernogoriyaning Petrovas shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi.
Kecha poyoniga yetgan 10-turda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan erkaklar o‘rtasida Muhammadzohid Suyarov oq donalarda vengriyalik Matyas Palsertni dog‘da qoldirdi. Humoyun Bekmuratov, Asrorjon Omonov va Miraziz Matyoqubov raqiblari bilan murosa yo‘lini tanladi.
Jahon chempionatining ayollar bahsida hamyurtlarimizdan Afruza Hamdamova oq donalarda Kesariya Mgeladzeni mag‘lub etib, ochkolari sonini 7 taga yetkazib oldi.
Qolgan shaxmatchi qizlarimizdan Guldona Karimova durangga erishgan vaziyatda Umida Omonova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva va Barchinoy Shokirjonova raqiblariga yutqazib qo‘ydi.
Afruza Hamdamovaning ushbu g‘alabasi uni 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida dunyo birinchiligining sovrindorlaridan biriga aylantirish imkoniyatini oshirdi, deyish mumkin. Boisi, g‘oliblik yo‘lida 8 ochko bilan yetakchilik qilayotgan Anna Shuxman bugun o‘tadigan 11-turda 7,5 ochkoga ega qozog‘istonlik Alua Nurmanni yengsa, va albatta Hamdamova ushbu turda ozarbayjonlik Ayan Allaxverdiyevadan ustun kelsa, shuningdek 7 ochkoli qolgan 2 ta juftlikdagi bahslar durang bilan yakunlansa, kamida 3-o‘rindan joy olishi mumkin bo‘ladi.