Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga boradi

Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan joriy yilning 21-22 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturida Parij shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar, Fransiya Parlamentining quyi palatasi – Milliy yig‘inida uchrashuv hamda ushbu mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investisiya loyihalarini amalga oshirish, faol gumanitar va ta’lim almashinuvlarini davom ettirish masalalari o‘rin olgan.

Sammit yakunida o‘ndan ortiq muhim ikki tomonlama hujjatlar, shuningdek, investisiya bitimlari va savdo shartnomalari to‘plamining qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, tashrif kunlari Fransiya poytaxtidagi jahonga mashhur Luvr muzeyi va nufuzli Arab dunyosi institutida mamlakatimizning boy madaniy va tarixiy merosiga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazmalar ochiladi.

Bundan tashqari, shu kunlarda Parijda Fransiyaning «MEDEF» tadbirkorlar harakati ko‘magi bilan tashkil etilgan biznes forum bo‘lib o‘tmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!