Shanxayda yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasi rasman ochildi
5 noyabr kuni Shanxay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi doirasida xalqaro iqtisodiy forum o‘tkazildi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala (videomurojaat orqali) hamda BMT Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) bosh kotibi Rebeka Grinspan (videomurojaat orqali), Slovakiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Indoneziya, Nikaragua, Tanzaniya kabi 182 mamlakat, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, bunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va XXR Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va do‘stona munosabat muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investisiyaviy hamkori hisoblanadi. O‘tgan yil tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi, yaqin istiqbolda bu miqdorni 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat va eng muhimi, birgalikda rivojlanish uchun xohish borligi ma’qullandi.
Oxirgi yillarda Xitoydan respublikamizga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya besh karra, qo‘shma korxonalar soni uch barobar oshdi. Qo‘shma loyihalar to‘plami 53 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.
Xitoylik hamkorlar bilan birga energetika, kimyo, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat dunyoga ochilayotgani, investisiya salohiyati yuksalayotgani, sarmoyadorlarga yaratilayotgan qulayliklar izchil kengaytirilayotgani haqida ham so‘z yuritildi.
Ma’lum qilinganidek, so‘nggi bir necha yilda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investisiya o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘i ijtimoiy va infratuzilma sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirildi.
2030 yilgacha “yashil” energiya manbalarini 40 foizga yetkazish borasida ish olib borilmoqda.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan turli sohalarda aloqalarni kengaytirish, jumladan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.
Forumdan so‘ng delegasiyalar rahbarlari 73 davlat qatnashayotgan ko‘rgazma faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, “Made in Uzbekistan” nomli pavilyonimizda sanoat, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, farmasevtika, turizm, axborot texnologiyalari, engil sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma 10 noyabrga qadar davom etadi.