Savdoda yolg‘on gapirish haromdir

Savdoda yolg‘on gapirish haromdir

Tojir savdo molini maqtash uchun yolg‘on gapirish harom ekanini zinhor unutmasligi zarur.

Shuningdek, va’daga vafo qilmay, so‘ng yolg‘on gapirish, narsalarning bahosini bayon qilishda yolg‘on ishlatish ham haromdir.

Rifo’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohga chiqqan ekanlar. Shunda u zot savdo qilayotgan odamlarni ko‘rib: «Ey tojirlar jamoasi!» dedilar. Ular boshlarini ko‘tarib, chaqiriqqa javoban, u zotga qaradilar. Shunda u zot: «Albatta, tojirlar qiyomat kuni fojirlar holida tiriltirilurlar. Faqat Allohga taqvo qilgan, yaxshilik va rostgo‘ylik qilgan bundan mustasno», dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Agar tijoratchi odam taqvodor, yaxshilik qiluvchi va rostgo‘y bo‘lmasa, tojirlik egasiga nadomat, oxirat sharmandaligini keltiradi. Har bir tojir ushbu hadisi sharifda zikr qilingan uch sifatni o‘zida mujassam qilishga urinmog‘i kerak:

1. Alloh taologa taqvo qilish.

2. Yaxshilik qilish.

3. Rostgo‘y bo‘lish.

Ushbu sifatlari bor odamgina tijoratda fojirlik, aldamchilik, haromxo‘rlik qilmaydi.

Aslini olganda tojirlik ham shariat ko‘rsatgan yo‘l bilan amalga oshirilsa, ibodat bo‘ladi. Chunki tojirlar tijoratlari orqali o‘zlariga foyda topishdan tashqari, jamiyatlari uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan ishni amalga oshiradilar. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qiladilar.

Alloh taolo Qur’oni karimda tijoratni halol qilganini e’lon qilgan. Hatto haj ibodati vaqtida ham tijoratga ruxsat bergan. Sahobalardan ba’zilari tijorat vaqti kelsa, Allohning yo‘lida jiddu jahd qilishga teng bo‘lishini aytganlar.

Ushbu afzalliklarning hammasi tojirning taqvodor, rostgo‘y va omonatli bo‘lishiga bog‘liqdir. Ana o‘shanda mo‘min-musulmon tojir qiyomat kuni yuksak martabalarga erishadi. Nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘ladi.

Ushbu hadis oldimizga tojirlarning ikki xil holatini ko‘ndalang qo‘ymoqda:

Aldamchi, yolg‘onchi va haromxo‘rlari qiyomat kuni fojir bo‘lib tiriltiriladi.

Taqvodor, sodiq va omonatlilari qiyomat kuni nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo‘lishadi. Endi ixtiyor hammaning o‘zida. Har kim niyatiga va amaliga yarasha mansab topadi.

Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kishi bozorda turib, bir molni savdoga qo‘ydi va musulmonlardan bir odamni qiziqtirish uchun u(mol)ga o‘ziga berilayotgandan ko‘p berganini aytib, Allohning nomi ila qasam ichdi. Shunda:

«Allohning ahdini va o‘z qasamlarini ozgina bahoga sotadiganlar...» oyati nozil bo‘ldi».

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Oyatning davomida:

«…albatta, ana o‘shalarga oxiratda yaxshi nasiba yo‘qdir, qiyomat kuni Alloh ularga gapirmas, nazar solmas va ularni poklamas. Ularga alamli azob bor», deyilgan (Oli Imron surasi, 77-oyat).

Demak, odamlarni qiziqtirib, molini o‘tkazish uchun «O‘zi bu mol menga bunchaga tushgan», deb yoki «Odamlar «buncha beraman», degan edi, sotmadim», deb yolg‘on aytib, qasam ichish oxiratda yomon oqibatlarga olib kelar ekan. Shuning uchun bu narsadan hushyor bo‘lish lozim.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!