Samarqandda Turk madaniyati va merosi fondi tomonidan noyob loyihalar taqdim etiladi
2025 yil 4 noyabr kuni O‘zbekistonning Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida turkiy dunyo uchun tarixiy ahamiyatga ega muhim voqea bo‘lib o‘tadi — Turk madaniyati va merosi fondi ilk bor turkiy sivilizasiyaning chuqur ildizlari va buyukligini aks ettiruvchi noyob loyihalarni taqdim etadi.
“Adabiyot va san’at” portaliga Turk madaniyati va merosi fondidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, taqdimot quyidagi loyihalarni o‘z ichiga oladi:
• Turk davlatlari rahbarlari tomonidan qabul qilingan “Turk dunyosiga qarash – 2040” va “TURKTIME” strategik hujjatlariga muvofiq tayyorlangan “Turk dunyosining madaniy kodi” nomli madaniy meros katalogi;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va turk davlatlari rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirilayotgan ko‘p jildli “Turk folklor merosi” antologiyasi.
Ta’kidlash joizki, ushbu noyob loyihalarni amalga oshirish maqsadida Turk madaniyati va merosi fondi turkiy dunyoning taniqli olim va mutaxassislarini birlashtirdi. Ular turkiy xalqlarning asrlar davomida shakllangan madaniy va ilmiy merosini tizimlashtirish, tadqiq etish va kelajak avlodlarga yetkazish ishiga beqiyos hissa qo‘shdilar.
Dastur doirasida, shuningdek, 2025 yil 3 noyabr kuni YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi qarori bilan qabul qilingan Turkiy tillar oilasi kuni (World Turkic Language Family Day) nishonlandi. Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston, O‘zbekiston va Vengriyaning YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar, taniqli olimlar, madaniyat institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir turk madaniyati va merosining elchilari — etno-folklor “Turan” ansambli solistlarining chiqishlari bilan boyitildi.
Shu tariqa, YUNESKO 15 dekabr kunini Turk tillar oilasi kuni deb e’lon qildi. Bu kun har yili nishonlanadi.
Mazkur tadbir turkiy xalqlar tarixi uchun navbatdagi muhim voqea bo‘lib, ularning til va madaniy birligining xalqaro miqyosda e’tirof etilishini hamda turkiy sivilizasiyaning jahon madaniyati va gumanitar hamkorlik taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini aks ettiradi.
