Saida Mirziyoyeva: "Prezidentda shunday fazilat bor — u odamlarni o‘stirishni biladi"
Prezident administrasiyasi rahbari sifatida mustaqillik haqidagi savolga javob berar ekan, Saida Mirziyoyeva otasi bilan qarorlarni muhokama qilish har doim ularning o‘zaro hamkorligining bir qismi bo‘lganini ta’kidladi:
«Biz masalalarni doim u bilan muhokama qilamiz, biz u bilan doim yonma-yonmiz… Unda shunday fazilat bor — u odamlarni o‘stirishni biladi. U shaxsga juda hurmat bilan munosabatda bo‘ladi va uning o‘sishi uchun hamma narsani qiladi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, u otasini «ko‘proq va yaxshiroq» tushuna boshlagan. «Bu 10 yillik tajriba, ha, menga ehtimol donolik bergandir, lekin sabrni aynan u kishi o‘rgatdi. Men undan ko‘p narsani o‘rgana boshladim. Hatto farzandlar, nevaralar tarbiyasida ham», — dedi u.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, prezident «odamlarni o‘stirishni» biladi.
«Mana, bir qarashda kichkinagina bola, Shavkatim (o‘g‘li — tahr.) bilan qanday muloqot qilyapti? Men qarab turib deyman — yo Xudoyim! Shaxsni tarbiyalashni biladigan inson mana shunaqa bo‘ladi. Va mana meni, jajji qizchani, a? Bizning patriarxal jamiyatimizda nufuzli ayol bo‘lish… Juda qiyin».
Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, aynan otasi uning kamol topishi uchun shunday sharoit yarata olgan: ilk kunlardanoq uni yoniga olib, jamoatchilik e’tiboridan va rasmiy maqomdan xoli tarzda o‘zi bilan birga olib yurgan. Aytishicha, u doim otasining yonida bo‘lgan, tinglagan, xulosa chiqargan, ko‘maklashgan va qarorlar muhokamasida qatnashgan.
«U kishi tinglashni biladi va hech qachon shashtni qaytarmaydi. U: „Yo‘q, sen nohaqsan“, demaydi. Hech qachon. Mana shu — men o‘zlashtirishga urinayotgan… men o‘rganayotgan hayratlanarli xislat», — dedi Saida Mirziyoyeva.
