Ruxsatnomasiz tonirovka uchun jarima miqdoriga o‘zgartirish kiritiladi
“O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida” qonun loyihasi tayyorlandi. Hujjatga ko‘ra, MJTKning 126 – moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif etilgan.
“126-modda. Ko‘zgusimon oynali, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish, shuningdek transport vositalari oynalarini ruxsatnomasiz tusini o‘zgartirish (qoraytirish)
Texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon oynali, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish, xuddi shuningdek transport vositalarining orqa yoki old yon oynalarini tegishli ruxsatnomasiz tusini o‘zgartirish (qoraytirish), –
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Transport vositalarining orqa va old yon oynalarini tegishli ruxsatnomasiz tusini o‘zgartirish (qoraytirish), –
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.”
Hujjat 17 oktyabrgacha muhokama qilinadi.