Rustam Qarshiyev: "Suv resurslarini tejash bugunning dolzarb vazifasidir"

Ayni damda Toshkent markaziy Ekobog‘ida "Kelajak uchun suvni asrang" mavzusida tadbir o‘tkazilmoqda.
Tadbir Suv xo‘jaligi vazirligi, BMT Kichik grantlar dasturi, "Agrobank" va “OMAD START” MCHJ hamkorligida tashkillashtirildi.
Ma’lumot uchun, 2017 yilda tashkil etilgan “OMAD START” MCHJ 2019 yildan suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish sohasida keng qamrovli ishlarni amalga oshira boshladi. “OMAD START” tomonidan 2021 yil qariyb 20 000 gektar yer maydonlariga tomchilab va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Joriy yilda esa 30 000 gektardan ortiq yer maydonlariga xuddi shunday texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Bu borada fermer xo‘jaliklari va klasterlar bilan shartnomalar ham imzolangan.
“OMAD START” MCHJ jahon andozalari darajasida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi va jadal rivojlanayotgan korxonalardan biri hisoblanadi. Xususan, tomchilatib sug‘orish uskunalarini yetkazib berish, o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish korxona faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Tomchilatib sug‘orishda suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri madaniy o‘simliklar va ekinlarning ildiz qismiga tomizg‘ichli dispenserlar yordamida tartibga solinadigan kichik miqdorda yetkazib beriladi. Suv va boshqa resurslarni (o‘g‘itlar, mehnat xarajatlari, energiya va quvurlar) sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Shuningdek, bu sug‘orish usuli erta hosil olish, tuproq eroziyasining oldini olish, kasalliklar va begona o‘tlarning tarqalish ehtimolini kamaytiradi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar, suv tejovchi texnologiyalar butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilar va pudratchi korxonalar, klaster va fermer xo‘jaliklari vakillari va boshqalar qatnashmoqda.
Tadbirni ochib bergan Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev suvni tejash bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligini aytdi.
Tadbir davom etmoqda.