Rossiyalik ayollarga 18 yoshdanoq tug‘ish tavsiya qilindi
Rossiya Federasiyasi parlamentining yuqori palatasi – Federasiya kengashi raisi Valentina Matviyenko mamlakat ayollarini 18 yoshdanoq farzand ko‘rishga chaqirdi.
“Demografiya sohasidagi eng asosiy vazifa mentalitetni o‘zgartirishdan iborat deb bilaman. Durust, ahil-inoq, katta va mustahkam oilaga ega kishigina muvaffaqiyatga erishgan deb hisoblanishi kerak. Farzand ko‘rish keng urfga aylanmog‘i lozim. Hozirgidek 28-29 yoshda emas, balki ayol voyaga yetgandayoq tug‘ishi me’yorga aylanishi zarur”, – degan V.Matviyenko “Moskovskiy komsomoles” gazetasiga bergan intervyusida.
Parlament yuqori palatasi spikeri fikricha, ayollar tug‘ishni ortga surmasligi kerak, chunki tibbiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra keyin farzand ko‘rish imkoni bo‘lmasligi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida: 76 yoshli Valentina Matviyenkoning o‘zi bitta farzandni (Sergey Matviyenko) voyaga yetkazgan. U 1973 yili, ya’ni 24 yoshida tuqqan.
Tahlillarga ko‘ra, Rossiya aholisi yil sayin kamayib bormoqda. 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 146 028 325 kishini tashkil etgan. Shu tariqa 2024 yilga nisbatan Rossiya nufusi 0,08 foizga kamaygan.
Hisob-kitoblarga qaraganda, 2045 yilga borib Rossiya aholisi 138,8 million yoki 130,6 millionga qadar kamayadi. Bu raqamlarda Ukrainaga qarshi urushdagi insoniy talafotlar inobatga olinmagan.
Ba’zi olimlar Rossiya aholisi 2100 yilga borib 74 milliondan 112 millionga qadar kamayadi deb hisoblaydi. Demografik tanglik esa mamlakat uchun ulkan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar keltirib chiqaradi.
Shu bois so‘nggi yillarda Rossiya rahbariyati aholini ko‘proq va ertaroq farzand ko‘rishga undamoqda.
“Otalik va bolalik, farzandlar bu – baxt, bu baxtga erishishni ortga surmaslik kerak”, – degan edi prezident Vladimir Putin joriy yil oktyabr oyida Demografiya va oila siyosati kengashi yig‘ilishida.
U, shuningdek, yoshlarni o‘qish va karyera vajidan farzand ko‘rishni paysalga solmaslikka undagan.
Avval xabar berganimizdek, Putin 2024 yilda ham mamlakatda tug‘ilishning umumiy darajasini oshirish haqida farmon chiqargandi. Hujjatda tug‘ilishning umumiy koeffisiyenti 2030 yilga borib 1,6 nafarga, 2036 yilda esa 1,8 nafarga yetishi lozimligi qayd etilgan.
