Armanistonda rossiyaparast oligarxning blokini saylovlardan chetlatish talab qilinmoqda
Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlariga ikki kun qolganda muxolifatdagi "Kuchli Armaniston" blokining ro‘yxatini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqadi. Ushbu blok yetakchisi Samvel Karapetyan kelib chiqishi armani bo‘lgan rossiyalik milliarder bo‘lib, hozirda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan qo‘lga kiritishga ommaviy da’vat qilganlik ayblovi bilan Yerevanda uy qamog‘ida saqlanmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatining DW'ga ma’lum qilishicha, yig‘ilish 5 iyun oqshomiga belgilangan. Karapetyan blokini saylov poygasining eng so‘nggi pallasida chetlatish tashabbusi bilan saylovning boshqa bir ishtirokchisi — amaldagi hukumatning "Fuqarolik shartnomasi" partiyasiga yaqin bo‘lgan "Respublika" partiyasi chiqdi.
Partiya vakili Grigor Arakelyanning so‘zlariga ko‘ra, bunga moliyalashtirishning shaffof emasligi va tashqi ta’sirlar sabab bo‘lgan.
"Xorijdagi Armaniston fuqarolariga vatanga qaytib, ovoz berishda ishtirok etishlari uchun bosim o‘tkazilayotgani haqida gap-so‘zlar yuribdi. Bu odamlar saylovda majburan qatnashish va muayyan kuchlarning "ko‘nglidagi nomzodi" uchun ovoz berishga kelishmoqda", — deya tushuntirdi u Markaziy saylov komissiyasiga ariza topshirgandan so‘ng.
8 mayda boshlangan butun saylov kampaniyasi davomida Armaniston huquq-tartibot organlari deyarli har kuni saylovchilarni sotib olish uchun pul tarqatilayotgani haqida materiallar e’lon qilib bordi. Ushbu ma’lumotlar asosida "Kuchli Armaniston" blokiga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilmoqda.
The Insider nashrining respublikadagi Rossiya agentlik tarmog‘i haqidagi surishtiruvida qayd etilishicha, 1999 yilda Karapetyanga xorijga chiqish pasporti berilgan hujjatlarda uning ish joyi sifatida "Rossiya FXX Axborot markazi" ko‘rsatilgan. Armaniston Saylov kodeksiga muvofiq, raqobatchilarning ro‘yxatini bekor qilishni faqat saylovda ishtirok etayotgan partiyalargina talab qilishi mumkin.
MSK shikoyatni 6 iyun kuni tushgacha — ya’ni "sukut kuni" (saylovoldi tashviqoti taqiqlangan kun) boshlanguniga qadar ko‘rib chiqishi shart. Agar komissiya vajlarni asosli deb topsa, u yakuniy qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan Ma’muriy sudga murojaat qilishi lozim bo‘ladi, deyiladi nashr xabarida.
